Page 38 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 38
ta’sir qilib, oxir oqibat tuproq unumdorligining pasayishi kabi muammolarga olib
kelmoqda.
Albatta degradatsiyaning turlari bir biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bir
vaqtning o‘zida uchta turi ham tuproqda kechishi mumkin yoki ketma-ket tarzda ham
kechishi kuzatiladi. Degradatsiya natijasida asosan tuproqning xossa va rejimlarining
o‘zgarishi, tabiiy-xo‘jalik bahosining pasayishi, degumifikatsiya jarayoning ortishi,
tuproq muhitining buzilishi, sho‘rlanishi, ikkilamchi sho‘rlanish kabilar ko‘proq
kuzatiladi. Barcha degradatsiya turlari juda kuchsiz darajadan to juda kuchli
darajagacha tuproq xossalarining o‘zgarishi kuzatiladi (Pikovskiy, 1994).
Degradatsiya turlarining orasida kimyoviy degradatsiya tuproq xossalariga
salbiy ta’siri jihatdan eng xavflisi xisoblanadi, ya’ni bunda tuproqning kimyoviy
tarkibi o‘zgarishga uchraydi va qayta tiklanishi ham uzoq muddatda katta iqtisodiy
sarf orqali amalga oshiriladi. Bularning orasida tuproqlarda kechadigan
degumifikatsiya jarayoni ko‘proq uchraydi.
Hozirgi vaqtda dexqonchilik sohasi va olimlar orasidagi nazariy va amaliy
jihatdan tuproq unumdorligining saqlash va oshirish masalasi murakkab va dolzarb
vazifa hisoblanadi. Biroq dunyo bo‘yicha tuproqlarning degumifikatsiya jarayonining
ortish tendensiyasi kuzatilmoqda. Shu bois, hozirgi tuproqshunoslik soxasidagi fanlar
mazkur muammoning ilmiy jihatdan o‘rganishga va yechimini topishga asosiy
e’tiborini qaratish lozim.
Tuproqlar degumifikatsiyasi – tuproq gumusining turli omil va ta’sirlar orqali
yo‘qotilishidir. Tuproq gumusi tabiiy tuproq paydo bo‘lish jarayonida vujudga kelsa,
asosiy holda dehqonchilikda turli tadbirlarning qo‘llanilishi orqali oshirib boriladi.
Tuproqning gumus bilan ta’minlashning eng yaxshi usuli almashlab ekishni to‘g‘ri va
ilmiy tarzda qo‘llash, sideral ekinlar ekish, organik va mineral o‘g‘itlarni me’yor
darajada qo‘llash hisoblanadi. Cho‘l mintaqalari kabi hududlarda organik
o‘g‘itlarning yetishmasligi natijasida tuproqlarning 30% gacha gumus miqdori
kamayishi kuzatiladi. Gumusning yo‘qotilishi tuproqlarning eroziya ta’siriga nisbatan
kuchsizligi va fizikaviy xossalarining yomonlashuvini keltirib chiqaradi (Yuldashev,
Abdraxmonov, 2005).
Tuproq unumdorligi va undagi gumus miqdorining doimiy kamayib borishini
qonuniyat sifatida qarash lozim. Albatta bu muammo butun dunyo mamlakatlarida
tarqalgan va dexqonchilikda foydalanib kelinayotgan tuproqlarga tegishlidir.
Birinchidan, dexqonchilik qilinayotgan hudud tuproqlarida doimo ravishda tuproq
tarkibidagi moddalar alamashinib turishi kuzatiladi va gumusni tashkil qiluvchi
moddalar ekinlar hosili, biomassasi hamda boshqa ko‘rinishlarida olib chiqib ketiladi,
ya’ni “yo‘qotiladi”. Ikkinchidan, agar inson agrotexnik tadbir qo‘llamasa har qanday
tuproqda unumdorlikning kamayishi kuzatiladi. Uchinchidan, dexqonchilikda
foydalanib kelinayotgan barcha tuproqlar tabiiy va insonning salbiy ta’sirlaridan holi
emas, misol o‘rnida eroziya, ifloslanish, sho‘rlanish, noto‘g‘ri agrotexnika va
boshqalar. Natijada tuproqda gumifikatsiya jarayonini kuzatish mumkin bo‘ladi.
Dunyo hamjamiyatining davlat tashkilotlari va olimlarning e’lon qilayotgan
ma’lumotlarida tuproq unumdorligining kamayib borayotgani, unga ta’sirlarning turi
va xavfi ortib borayotgani ta’kidlanadi. Quyida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni
38

