Page 52 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 52
5-bob. Degradatsiyaga uchragan tuproqlarning biologik faolligi
§5.1. Degradatsiyaga uchragan tuproqlarda mikroorganizmlar miqdorining
o‘zgarishi
Ma’lumki, cho‘l mintaqasi tuproqlarining shakllanishi va rivojlanishi o‘ziga
xos doimo o‘zgaruvchan muhit sharoiti bilan bog‘liqdir. Ushbu tuproqlardagi
sho‘rlanish jarayoni tuproq xossalariga va o‘simlik qoplamiga sezilarli ta’sir
ko‘rsatadi va bu o‘z navbatida mikrobiologik faollikning susayishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois cho‘l hududida tarqalgan sho‘rlangan tuproqlarning mikroflorasini o‘rganish
ushbu tuproqlarning unumdorligini aniqlashda muhim diagnostik ko‘rsatkichlardan
biri bo‘lib xizmat qiladi.
Tuproq unumdorligini oshishida tuproq hosil bo‘lish jarayonlarida ishtirok
etuvchi mikroorganizmlarning muhim agronomik guruhlari katta rol o‘ynaydi.
Bunda, ayniqsa, o‘simliklarning o‘sishi va tuproq unumdorligini oshishi uchun zarur
bo‘lgan ozuqa moddalarining hosil bo‘lish jarayonlari muhim hisoblanadi:
ammonifikatsiya, nitrifikatsiya, azotfiksatsiya, sellyulozaning parchalanish
jarayonlari, moy kislotali bijg‘ish va boshqalar. Ushbu mikroorganizmlar miqdori
bo‘yicha o‘rganilgan tuproqlarning hozirgi holatini va unda kechayotgan biologik
jarayonlar yo‘nalishini tavsiflash mumkin (Gafurova, 1995, 1999).
M.E.Saidova (2010) tomonidan Chimboy tumani tuproqlari misolida olib
borilgan tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, cho‘l mintaqasida tarqalgan
sho‘rlangan tuproqlar mikroflorasining rivojlanishida gidrotermik sharoitlar muhim
ahamiyatga ega. Hududning noqulay iqlim sharoitlari, ya’ni yozning yuqori
haroratlari, havo nisbiy namligining pastligi, tuproqdan namlikni tezda parlanib
ketishi hamda organik modda miqdorining kamligi ushbu tuproqlarning
mikrobiologik faolligini susayishiga olib keladi. Shularga bog‘liq holda
mikroorganizmlarning jadal hayot kechiradigan payti kuzgi va bahorgi mavsumlarda
chegaralangan, yozgi davrga kelib ular miqdorining keskin kamayib ketishi
kuzatiladi, bunga sabab namlikning yetarli emasligi hamda yoz haroratining
yuqoriligidir.
Tuproqlarning fizik va kimyoviy xossalarini turlichaligi ularning tuproq hosil
bo‘lish jinsida, relefida, o‘simlik qoplami hamda mikroorganizmlarning tarqalishida
ham namoyon bo‘ladi. Mikroorganizmlarning eng katta miqdori sug‘oriladigan
o‘tloqi-allyuvial va botqoq-o‘tloqi tuproqlarda aniqlandi, bu holat sug‘oriladigan
tuproqlarning qulay agrokimyoviy, kimyoviy hamda fizikaviy xossalari bilan
bog‘liqdir. Shuningdek, qo‘riq taqir-o‘tloqi, taqir, taqir-qumli va sho‘rhok
tuproqlarda sug‘oriladigan tuproqlarga nisbatan barcha o‘rganilgan
mikroorganizmlarning sust rivojlanganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek,
mikroblarning eng yuqori miqdori tuproqning ustki kislorod, gumus moddalari va
azot bilan yetarlicha ta’minlangan qatlamlarida kuzatildi. Tuproq profili bo‘ylab
chuqurlashgan sari ularning miqdori kamaydi, shuni ta’kidlash joizki, sho‘rhok
tuproqlarni pastki qatlamlarida (50-70 sm) mikroorganizmlarlarning ba’zi guruhlari
deyarli uchramadi (9-jadval).
52

