Page 58 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 58
o‘zaro bog‘liqlikda amalga oshadi. M.E.Saidova (2009) tomonidan tadqiq etilgan
cho‘l mintaqasi sho‘rlangan tuproqlarining xarakteri va xossalariga bog‘liq holda
ularning fermentativ faolligi turli yo‘nalishlarda o‘zgarishi aniqlangan. Masalan,
katalaza (13,2 ml O 2/g 5 min) va degidrogenazaning (14,8 mg TFF/10g 24 soat) eng
yuqori faolligi eskidan sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqda aniqlandi.
Sug‘oriladigan botqoq-o‘tloqi tuproqda esa ularning biroz past faolligi kuzatildi va
ushbu ko‘rsatkichlar 7,5 ml O 2 – 8,5 mg TFF ni tashkil etdi. Qo‘riq taqir-o‘tloqi,
taqir, taqir-qumli va sho‘rhok tuproqlarda ularning eng kam faolligi aniqlandi.
Katalaza va degidrogenaza fermenti bilan ta’minlanganligi bo‘yicha Zvyaginsev
(1978) klassifikatsiyasiga ko‘ra eskidan sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproq
“boy”, yangidan sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial va sug‘oriladigan botqoq-o‘tloqi,
qo‘riq taqir-o‘tloqi, taqir, taqir-qumli tuproqlar “o‘rta”, sho‘rhok esa “kambag‘al”
hisoblanadi.
Organik moddalarning gumusga aylanishi murakkab biokimyoviy jarayon
bo‘lib, ushbu jarayon fenoloksidazalar guruhiga mansub fermentlar ishtirokida
boradi. Shunga bog‘liq holda tuproqdagi polifenoloksidaza va peroksidaza
fermentlari faolligining nisbati bo‘yicha tuproqning taxminiy gumifikatsiya
koeffitsientini hisoblash mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, polifenoloksidaza va
peroksidazalarning eng yuqori ko‘rsatkichlari sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial
tuproqlarda, ularning eng kam ko‘rsatkichlari esa qo‘riq taqir va sho‘rhoklarda
aniqlandi, bu esa ushbu tuproqlarda gumus miqdorining kamligiga, siyrak o‘simlik
qoplamiga va sho‘rlanish jarayonlariga bog‘liqdir.
Oksidazalar guruhiga mansub fermentlarni mavsumiy dinamikada o‘rganish
ular faolligining gidrotermik sharoitlar ta’sirida o‘zgarishini hamda turli fizik-
kimyoviy xossalarga ega tuproqlar uchun umumiy qonuniyatlarni aniqlash imkonini
berdi (31-rasm).
Orol bo‘yi tuproqlarining mavsumiy dinamikasi bo‘yicha olingan ma’lumotlar
ushbu tuproqlarning yoz davrida – minimum hamda bahor-kuz davrida - maksimum
faollikka ega ekanligini ko‘rsatdi. Hududning tabiiy sharoitlarida sho‘rlanish genetik
tuproq hosil bo‘lish jarayonlari bilan belgilanganda fermentlar faolligi pastki
qatlamlarda keskin susayishini (asosan sho‘rhokda) tuzlarning fermentlar faolligiga
to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatayotgan ta’siri hamda ushbu tuproqlar profilida organik
moddalarning kam to‘planganligi bilan tushuntirish mumkin.
Turoq hosil bo‘lishidagi o‘zining muhim ahamiyati va o‘simlik hayotidagi
omillarga ta’siri bilan fermentlar faolligi juda murakkab ko‘rinishlar qatoriga kiradi
va tuproq hosil qiluvchi sharoitlarga bog‘liq. Eng ko‘p fermentlar faolligi
tuproqlarning ustki qatlamida namoyon bo‘ladi, pastga tomon uning keskin
kamayishi, asosan yuvilgan yuvilmagan va yuvilib to‘plangan tuproqlarda kuzatiladi,
bu esa gumus miqdorining o‘zgarishi, ozuqa elementlari, rN, karbonatlarning
miqdori, mexanik tarkibning og‘irlashish, tuproqlar zichligining ortishi, va
tuproqlarning genetik xossalari bilan bog‘liq. Shuningdek, tuproqlarda fermentlar
faolligi fasliy o‘zgarishga ega bo‘lib, bahorda yuqori bo‘ladi.
58

