Page 4 - TUPROQSHUNOSLIK 2024 (2)
P. 4
1-AMALIY MASHGʻULOT
TUPROQ KESMASINI OLISH.
(CHUQURCHA, YARIM CHUQUR, ASOSIY CHUQUR)
Tuproq chuquri oʻz vazifasiga koʻra 3 xil boʻladi; 1.Asosiy chuqur; 2. Yarim
chuqur; 3. Chuqurcha.
1.Asosiy chuqur tuproq tiplarini aniqlash uchun qaziladi, u tuproq
qalinligining hammasini oʻz ichiga olishi kerak. Tuproq paydo qiluvchi jinslarga
va jarayoniga qarab uning chuqurligi 150 sm dan 300 sm gacha boʻlishi mumkin
(hozirgi vaqtda 10, 15, 20 m, hatto undan ham ortiq qazish kerakligini
prof.A.Rasulov aniqladi). Asosiy chuqur relefga asosan qazilib, oʻsimligi, ona
jinsiga koʻra oʻzgarishi mumkin.
2. Yarim chuqur asosan tip va tipchalarni ajratishda, ularning chegaralarini
aniqlashda xizmat qiladi. Uning chuqurligi 75-150 sm boʻladi. Agar chuqur
qazishda oʻzgarishlar roʻy bersa, jumladan ona jinsi yoki biron boshqa tipda
tuproq boʻlsa, u holda yarim chuqur, asosiy chuqurga aylantirilib qaziladi.
3. Chuqurcha 25-75 sm chuqurlikda qazilib tuproqlarning tip, tipchalarini,
ularning tarqalish chegaralarini aniqlash uchun ishlatiladi.
Eng asosiy va muhim ishlardan biri chuqurchaga joy tekislashdir. Chuqurni shunday
joydan qazish kerakki, u atrof faktorlarning ta’sirini oʻz ichiga olsin.Chuqurni
yoʻl yoqasidan, ekinlar va almashlab ekilgan dala chekkasidan, jar tepasidan,
doʻngdan, eski chuqurdan qazish man etiladi.Agar qiyalik joy boʻlsa, u xolda
qiyalikning uzunligiga qarab asosiy chuqur va yarim chuqur qaziladi. Bunda
qiyalikning yuqori, oʻrta va etak qismidan qazishga toʻgʻri keladi.Agar tekislikda
mikrorelef koʻtarilgan yoki pasaygan boʻlsa, u holda har ikkalasidan asosiy
chuqur qaziladi. Dalada chuqur qazish uchun hamma talabga javob beradigan joy
tanlanib, uzunligi 150-200 sm, kengligi 60-80 sm, chuqurligi 150-300 sm qilib
toʻgʻri toʻrtburchak shaklida qaziladi (yer osti suvi yaqin yerlarda esa sizot suvi
chiqquncha, yer osti suvi chuqur yerlarda 3 m va undan ortiq qaziladi).Chuqurning
quyoshga qaragan devori tik va silliq, unga qarama-qarshi tomoni esa zinapoya qilib
qaziladi.Chuqurning devorini, albatta quyoshga qaratib qazish kerak. Bunday
chuqurda tuproq qavatlari bir-biridan oson ajratiladi, shuningdek yangi
yaralmalarning, oʻsimlik va hayvonot izlarining joylanishi va nami aniq koʻrinadi.
Buning uchun chuqurning devoriga tuproq tushmasligini hisobga olish lozim.
Chunki, chuqurning bu tomonidan tuproqning genetik gorizontlari, morfologik
belgilari aniqlanib, namunalar olinadi.
4

