Page 5 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 5
KIRISH
Hozirgi vaqtda global ekologik inqiroz tahdidlari kuchayib borayotgan bir
vaqtda tuproqni degradatsiya jarayonlaridan muhofaza qilish dunyo miqyosidagi
dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu muammoning muhimligi shundaki,
tuproq degradatsiyasi jarayonini bartaraf etmasdan va Yer sharining tuproq qatlamini
saqlamay turib o‘simlik va hayvonot olamini, suv va havo tozaligini saqlashning
imkoni yo‘q. Shunday ekan, biosferaning normal ishlashini saqlay olmasdan
insoniyat hayotining ekologik farovonligini saqlashning imkoni yo‘qdir.
Insonning tuproqqa faol ta’sir ko‘rsatishi natijasida, uning xossa-
xususiyatlarining o‘zgarishi, unumdorligining oshishi yoki pasayishi, sho‘rlanishi,
eroziyalanishi, degumifikatsiyasi kabi jarayonlarning yuzaga kelishi yer resurlarini
muhofaza qilishda avvalgidan ham e’tiborli bo‘lishlikni taqozo etadi. Mustabid
tuzum davrida mamlakatimiz yer boyliklaridan intensiv usulda, juda katta xarajat va
isrofgarchiliklar yo‘li bilan foydalanilganligi, yer maydonlarining sho‘rlanishi va
eroziyaga uchrashi holatlari ekologik muvozanat buzilishiga olib kelgan. Natijada
tuproq unumdor qatlamining yemirilishiga sabab bo‘lishi bilan bir qatorda, bir qancha
ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy muammolarni keltirib chiqargan.
Ishlab chiqarishning har qanday vositalaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanish
ko‘p jihatdan uning muhim xususiyatlarini qanchalik chuqur va har tomonlama
o‘rganishga bog‘liq. Shu bois, bugungi kunning dolzarb muammolaridan hisoblangan
tuproqlar degradatsiyasining oldini olish hamda uning oqibatlarini bartaraf etishda
eng avvalo tuproqlardan oqilona foydalanish, uning unumdorligini oshirish, sifatini,
iqtisodiy bahosini, muhofazasini bilish, har xil o‘simliklarni tuproq holatiga ko‘ra
ilmiy asoslangan holda ketma-ket ekish, tuproqqa to‘g‘ri ishlov berish talab etiladi.
Tarixiy davr mobaynida insoniyat taxminan 2 mlrd. ga hosildor yerlarning
yo‘qotilishini, tuproqlar unumsiz yerlarga va antropogen sahrolarga aylanishini
tuproqlar degradatsiyasi jarayonining global va turli-tuman xususiyatidan darak
beradigan ma’lumotlarga qo‘shish mumkin (Degradatsiya i oxrana pochv, 2002).
Bundan ko‘rinib turibdiki, tuproqlar degradatsiyasining asosiy shakllari turli
hududlarda o‘ziga xos bo‘lgan tabiiy-iqlim sharoitlari va inson faoliyati natijasida
yuzaga keladi.
Bularga asosan:
cho‘llanish, o‘rmonlarni kesilishi va boshqalar
ikkilamchi sho‘rlanish va sug‘orish natijasida ortiqcha namlanish
tog‘ va tog‘ oldi hududlaridagi suv va irrigatsion eroziya
deflyatsiya, shuningdek, chorvachilik jadal rivojlangan hududlardagi
yaylovlar degressiyasi
yerlarning qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida o‘zlashtirilishi natijasida
texnogen cho‘llanishi
haddan ziyod agroximikatlar qo‘llash, sanoat va maishiy chiqindilarini
tashlash, bir xil ekin ekish oqibatlarida tuproq unumdorligini pasayishi va ifloslanishi
5

