Page 7 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 7
Ushbu o‘quv qo‘llanma tuproqlar degradatsiyasi masalalariga bag‘ishlangan
bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi tuproqlari va yer resurslarining hozirgi holati
tahlil qilingan, tuproq degradatsiyasi omillari va turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar
tizimlashtirilgan, tuproqlarning degradatsiyaga uchrashining fizik, kimyoviy va
mikrobiologik omillari va jarayonlari, ularni baholash metodlari, tuproqlarni
degradatsiyaga uchrashdan himoya qilish yo‘llari xususiyatlari puxta ko‘rib
chiqilgan. Tuproqlar eroziyasi, sho‘rlanishi, cho‘llanishi, iqlim o‘zgarishi kabi salbiy
omillarning tuproqlar, shu jumladan sug‘oriladigan tuproqlarning xossalariga ta’siri
masalalari alohida boblarga ajratilgan. Yakuniy bobda O‘zbekiston Respublikasi
tuproqlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishning qonunchilik,
huquqiy va me’yoriy jihatlari tahlilga tortilgan.
Ushbu o‘quv qo‘llanma hozirgi kunning ekologik muammolaridan biri bo‘lgan
tuproqlar degradatsiyasini har taraflama tahlil qilish bo‘yicha birinchi tajribani o‘zida
ifoda etadi.
O‘quv qo‘llanmani chop etishdagi amaliy yordami uchun Tuproqshunoslik
sohasining yirik mutaxassislaridan hisoblangan S.A.Shoba, Ye.I.Pankova,
L.T.Tursunov, X.M.Maxsudovlarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.
7

