Page 4 - Burxanova D. Tuproq_fizikasi va iqlim o'quv qo'llanma
P. 4
SO‘Z BOSHI
Tuproq tarkibini har tomonlama yaxshilash, hosildorligini va iqtisodiy
samaradorligini oshirish tuproqning kelgusidagi rivojining muhim masalalaridan
biridir. Ishlab chiqarishning har qanday vositalaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanish
ko‘p jihatdan uning muhim xususiyatlarini qanchalik chuqur va har tomonlama
o‘rganishga bog‘liq. Demak, eng avvalo tuproqdan to‘g‘ri foydalanish, tuproqning
unumdorligini oshirish, sifatini, iqtisodiy bahosini, muhofazasini bilish, qishloq
xo‘jalik ekinlarini tuproq holatiga ko‘ra ilmiy asoslangan holda joylashtirish,
tuproqqa ekologik «toza» ishlov berish usullari va o‘g‘itlashni yuqori saviyada olib
borish talab qilinadi.
Paxta va g‘alla hosildorligini oshirishda tuproqning agrofizik xossalari muhim
ahamiyatga egadir. Chunki, bug‘doy o‘simligi tuproqdagi issiqlikga, namlikga va
oziqa moddalarga talabchandir. Paxtachilik va donchilik respublikamiz miqyosida
rivojlanganligi uchun tuproq harorati va oziqa elementlari o‘simlikning o‘sishi va
rivojlanishini cheklovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Chunki, respublika
mintaqalarida tuproq sharoitlari turli-tumandir. Shuning uchun ham tuproq namligini
uzoq vakt maqbul darajada saqlab turish suv tankisligi mavjud bo‘lgan paytda muhim
ahamiyatga ega. Demak, bug‘doyni erta kuzda ekib yuqori hosil va barvaqt
yig‘ishtirib olishga bahorgi haroratning ta’siri katta va o‘suv davrida suv etishmasligi
hosildorlikni kamayishiga olib keladi. SHu sababli ham tuproq harorati, namligi va
boshqa xossalarini maqbullashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish qishloq xo‘jalik
ekinlaridan yuqori hosil etishtirishda asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois,
keyingi yillarda respublikamiz Oliy o‘quv yurtlarida “Tuproq fizikasi va
iqlimshunosligi” fanini o‘qitishga katta e’tibor berilmoqda.
Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda Toshkent davlat agrar universiteti
o‘qituvchilari professorlar, b.f.d. D.A.Qodirova, b.f.d., M.E.Saidova, dotsentlar,
q.x.f.f.d.(PhD) N.Ch.Namozov, D.U.Burxanovalar tomonidan “Tuproq fizikasi va
iqlimshunosligi” fanidan ushbu o’quv qo’llanma tayyorlandi. O’quv qo’llanma ba’zi
kamchiliklardan holi bo‘lmasligi mumkin, shuning uchun mualliflar hamkasblar va
kitobxonlarning o’quv qo’llanma sifatini yaxshilashga qaratilgan fikr va
mulohazalarini mamnuniyat bilan qabul qiladilar.
Ushbu o’quv qo’llanmani yozishda S.V.Nerpin va A.F.Chudnovskiylarning
“Физика почвы” (1967), N.A.Kachinskiyning “Физика почв” (1970),
L.Tursunovning “Tuproq fizikasi” (1988), X.A.Arginboev, X.U.Abdullaev,
A.Q.Abdullaevlarning “Agrometeorologiya” (2004), X.A.Arginboev, X.U.Abdullaev,
Ya.Yusupova “Meteorologiya” (2011), A.Q.Abdullaev, X.A.Arginboev,
X.U.Abdullaev “Fizika va agrometrologiya (Agrometrologiya)” (2015), kitoblaridan
foydalanildi.