Page 57 - Safarova N., Safarov B. paxtachilikda agrokimyo o'quv qo'llanma
P. 57
tarkibidagi xlor o‘simliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kuz yoki erta bahorda
tuproqqa ko‘p miqdorda o‘g‘it solingan bo‘lsa, ekish bilan birga beriladigan
o‘g‘itning samarasi ancha pasayadi. Ekinlarni qo‘shimcha oziqlantirish. Ma’lumki,
sug‘oriladigan dehqonchilik sharoitida, shuningdek, nam iqlimli hududlarda azotli
o‘g‘itlarni, ayniqsa nitratli va ammiakli-nitratli azotli o‘g‘itlarni, asosiy o‘g‘itlash
vaqtida qo‘llab bo‘lmaydi. Azotli o‘g‘itlarning 70-80% i, kaliyning yarmi va
fosforning kamroq qismi tuproqqa qo‘shimcha oziqlantirish sifatida solinadi.
Umuman olganda, qo‘shimcha oziqlantirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
- kuzgi g‘alla ekinlari va ko‘p yillik o‘tlarni azot bilan oziqlantirishda;
- yengil mexanikaviy tuproqlarda, shuningdek, sug‘oriladigan sharoitlarda
yetishtiriladigan chopiqtalab ekinlarni azot va kaliy bilan ta’minlashda;
- tuproqdagi tuzlar konsentratsiyasining oshib ketishiga o‘ta sezgir ekinlardan
yuqori hosil yetishtirish rejalashtirilganda;
- mevali daraxtlar va butalarni oziqlantirishda;
- ayrim sabablarga ko‘ra yillik o‘g‘it meyorining tegishli qismi asosiy
o‘g‘itlash davrida solinmaganda.
Qishloq xo‘jalik ekinlariga o‘g‘it meyorlarini belgilash Respublikamizda
ekinlardan mo‘l va sifatli hosil olish uchun qishloq xo‘jaligiga ko‘p miqdorda
mineral va mahalliy o‘g‘itlar yetkazib berilmoqda. O‘g‘it meyorlarini to‘g‘ri
belgilash agrokimyo fani va amaliyotining asosiy vazifasi bo‘lib qolmoqda. O‘g‘it
meyorini belgilashda tuproq, o‘simlik, o‘g‘it, iqlim va agrotexnikaviy tadbirlar
o‘rtasidagi bog‘liqlik hisobga olinishi lozim. Turli ekinlar uchun o‘g‘it meyorini
belgilashda mahalliy qishloq xo‘jalik va ilmiy muassasalarning tavsiyalaridan yoki
ma’lumotnoma adabiyotlarida ko‘rsatilgan miqdorlardan foydalanish mumkin.
Tavsiya etiladigan o‘g‘it meyorlariga muayyan tuproq, xo‘jalik sharoitlari hamda
rejalashtirilgan hosil asosida tegishli aniqlik va tuzatishlar kiritiladi.
O‘g‘it meyorini rejalashda xo‘jaliklarning mineral o‘g‘itlarni sotib olishga
bo‘lgan moliyaviy ahvoli hamda to‘planadigan mahalliy o‘g‘itlar miqdoriga ham
alohida e’tibor beriladi.
Agrokimyoda o‘g‘itlashning maqbul, oqilona va eng yuqori meyorlari
farqlanadi. O‘g‘itlashning maqbul meyori deb har ga maydondan tuproq
unumdorligini saqlagan yoki oshirib borgan holda mo‘l va sifatli hosil hamda eng
yuqori darajada sof daromad olish uchun kerak bo‘ladigan o‘g‘it miqdoriga
aytiladi. Ma’lumki, o‘g‘it meyorining cheksiz ortib borishiga bog‘liq ravishda
qo‘shimcha hosil miqdori ham oshib boravermaydi, ma’lum darajadan keyin
qo‘shimcha hosil miqdorining kamayishi kuzatiladi. Shuning uchun agar xo‘jalikda
mineral o‘g‘it miqdori kam bo‘lsa, kamroq maydonga yuqori meyorda o‘g‘it
qo‘llashdan ko‘ra, ko‘proq maydonga o‘rtacha meyorda qo‘llab yalpi hosil
miqdorini oshirgan ma’qul.
O‘g‘itlashning oqilona meyori – ishlab chiqarishning muayyan tashkiliy-
xo‘jalik sharoitida bir ga maydondan imkon qadar yuqori hosil olishni va shu bilan
bir qatorda ma’lum miqdordagi iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydigan o‘g‘it
meyoridir. O‘g‘itlashning eng yuqori meyori deganda, talab darajasidagi sifatga
ega bo‘lgan, maksimal miqdordagi hosil etishtirish uchun qo‘llaniladigan o‘g‘it
meyori tushuniladi. O‘g‘itlashning bu usuli xo‘jaliklar o‘g‘it bilan juda yuqori