Page 30 - Geologiya va mineralogiya elektron o‘quv qo‘llanma. Sodiqova G., Usmonova M.
P. 30
hosil qilish xususiyati, ya’ni erkin o‘sish sharoitlarida to‘g‘ri ko‘p tomonli shakllarni
- kristallarni (yunoncha «kristallos» - muz) vujudga keltirishi hisoblanadi.
Kristallar bilan batafsil kristallografiya fani shug‘ullanadi. Kristallarning sirti
tekislik - tomonlar bilan chegaralangan bo‘lib, ular to‘g‘ri chiziqlar - qirralar bilan
kesiladi. Qirralar kesishgan nuqta uchlarini tashkil etadi.
Kristallarning tashqi shaklida kristall panjaralar tuzilishining qonuniyatlari
aks etgan bo‘ladi, shuning uchun ham har bir kristall modda, shu jumladan har bir
mineral ham o‘zi uchungina xarakterli bo‘lgan shaklga ega bo‘ladi.
Kristallarning ichki tuzilish va tashqi shakli orasidagi bog‘liqlik
kristallografiyaning asosiy qonunlaridan biri - burchaklar doimiyligi qonuni bilan
ifodalangan bo‘lib, unga muvofiq bir xil moddaning barcha kristallarida tomonlari
(va qirralari) orasidagi burchak doimiydir.
Kristallarning eng xarakterli xususiyati bo‘lib ularning simmetriyasi
sanaladi.
Simmetriya (yunoncha - «mos o‘lchamlilik») tabiatda juda ham keng
tarqalgan, ammo u faqat kristallar dunyosidagina yaqqol ifodalangan bo‘ladi.
Kristallardagi simmetriya - bu figuralarning muayyan tomonlari, qirralari va
burchaklarining qonuniy takrorlanishi, ya’ni ma’lum burchakka buralganda oldingi
holatini egallashidir. Simmetriyani ta’riflash uchun simmetriya elementlari deb
ataluvchi hayoliy obrazlardan - nuqtalar, to‘g‘ri chiziqlar, tekisliklardan
foydalaniladi.
Simmetriya markazi (S) - kristall ichidagi nuqta bo‘lib, u jism yuzasidagi
barcha qarama-qarshi nuqtalarni tutashtiruvchi chiziqlarni teng ikkiga bo‘ladi.
Kristallarda faqat bitta simmetriya markazi bo‘lishi mumkin, nosimmetrik
shakllarda esa umuman bo‘lmaydi.
Simmetriya o‘qi (L) - to‘g‘ri chiziq bo‘lib, uning atrofida kristall shakl
aylantirilganda teng qismlari takrorlanadi, ya’ni u o‘z-o‘zining o‘rnini egallaydi.
Shakl 360° ga burilganda o‘z-o‘zining o‘rnini olish soni simmetriya o‘qining
tartibini belgilaydi. Kristallografiyada 2, 3, 4 va 6 tartibli simmetriya o‘qlari mavjud.
Simmetriya tekisligi (R) - bu shaklni bir-biriga nisbatan kuzgudagi aksidek
simmetrik teng ikki qismga bo‘luvchi hayoliy tekislikdir.