Page 100 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 100
atm. ni va kuchsiz sho‘rlangan tuproqlarda 35 atm. ni va kuchli sho‘rlangan
tuproqlarda 143 atm. ni tashkil etadi.
Tuproqning suv ushlab turuvchi kuchi va o‘simliklarning so‘rish kuchi
ko‘rsatkichlarining nisbati o‘simliklarning suv bilan ta’minlanishini aniqlaydi. Agar
tuzli eritma konsentratsiyasi va tuproq eritmasining so‘rish bosimi yuqori bo‘lsa
o‘simliklar suvni o‘zlashtira olmaydi yoki juda oz miqdorda o‘zlashtiradi. Bunday
hollarda tuproqda namlikning bo‘lishiga qaramay o‘simliklarning nobud bo‘lishi
(nimjon o‘sishi), ularning o‘sish va rivojlanishini susaytiruvchi “fiziologik quruqlik”
sodir bo‘ladi.
Sho‘rlangan tuproqlarda mineral oziqlanishning buzilishi sodir bo‘ladi. Bu
holat o‘simliklarning qator muhim oziqa elementlarining yetarli darajada o‘zlashtira
olmasliklari (kalsiy, fosfor, marganes, temir) va aksincha zararli elementlarning (xlor,
natriy, magniy) ko‘plab o‘zlashtirilishi bilan ifodalanadi. Kuchli sho‘rlangan
tuproqlardagi o‘simliklarda xlor miqdori me’yoridan 3-4 marta, natriy 5-10 marta
ortib ketishi mumkin. O‘simliklarda tuzlarning katta miqdorda to‘planishi, ularni
tuzlar bilan zaharlanishiga olib keladi.
Tuproqdagi tuzlarning yuqori konsentratsiyasidan o‘simliklarning zaharlanishi
asta-sekin ortib boradi, barglarning so‘lishi va nihoyat qurishi boshlanadi. Ko‘p
holatlarda barglari sarg‘ayadi, ularda tuzli dog‘lar paydo bo‘ladi. Bunday barglar
keyinchalik to‘kilib ketadi. Ayrim hollarda o‘simliklarning jabrlanishi (zaharlanishi)
tuzlarning bevosita emas, balki bilvosita ta’siri ostida tuproq fizikaviy xossalarining
yomonlashuviga va tuproq eritmasidagi ishqoriylikning ortib ketishiga sabab
bo‘luvchi tuproqning singdirish kompleksidagi singdirilgan natriydan hosil bo‘lgan
soda hisobiga sodir bo‘lishi mumkin.
Tuzlarni o‘simliklarning biokimyoviy va fiziologik jarayonlariga hamda
tuproqning fizik-kimyoviy xossalariga ko‘rsatadigan zararli ta’siri, oxir oqibatda
o‘simliklarning yomon o‘sishi, ularning rivojlanish fazalarining kechikishi,
unumdorlikning pasayishi va qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligining kamayishini
belgilaydi.
Ma’lumki, kuchsiz sho‘rlangan tuproqlarda paxta hosildorligi sho‘rlanmagan
tuproqlarga qaraganda 10-15, o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarda 30-35, kuchli
sho‘rlangan tuproqlarda 60-65 % ga va undan ham ortiq kamayadi.
Sho‘rlangan tuproqlar ekinlar hosildorligining nafaqat miqdoriga, balki sifatiga
ham ta’sir ko‘rsatadi. Tuproqning sho‘rlanish darajasini ortib borishi bilan o‘simliklar
sifati yomonlashib boradi. Jumladan, paxtaning tola uzunligi kamayadi, bir tekislik
darajasi yomonlashadi va tolaning mustahkamligi (qattiqligi) pasayadi. Sho‘rlangan
tuproqlar kartoshka mevasi sifatini ham yomonlashtiradi. Lekin shular bilan bir
qatorda, ayrim o‘simliklarda tuproq sho‘rlanishining kamroq miqdori mahsulotlar
sifatini yaxshilaydi. Masalan, qovunlarda qand moddasi, g‘alla ekinlarida oqsil
moddasi ortadi, qand lavlagi, uzum mevalarida qand miqdori ko‘payadi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarining tuzga chidamliligi. Qishloq xo‘jalik
ekinlarining tuzga chidamliligi deganda tuproqdagi va tuproq eritmasidagi tuzlarning
o‘simliklarga nisbatan ularning normal o‘sishi va rivojlanishi uchun zarar
yetkazmaydigan miqdori tushuniladi.
100

