Page 77 - Burxanova D. Tuproq_fizikasi va iqlim o'quv qo'llanma
P. 77
sovitib, yana tortilsa og‘irroq bo‘lib qolganini ko‘rasiz. Demak, tuproq kuritilganda
unda singdirilgan suv molekulalari bug‘lanib ketadi, sovitilganda esa, tuproq
zarrachalarining adsorbsion (sorbsion) tortish kuchi ta’sirida atmosfera havosidagi
suv molekulalari tuproqqa qayta singadi hamda tuproq zarrachalari yuzasida to‘plana
boshlaydi (23-rasmdagi birinchi holat).
Tuproq zarrachalarining atmosfera havosidagi suv molekulalarini (namni)
o‘ziga singdirish qobiliyatiga uning gigroskopiklik xususiyati va shu yo‘l bilan
singdirilgan suv gigroskopik suv deb ataladi.
Gigroskopik suv tuproq zarrachalari orqali juda katta bosim bilan ushlab
turilganligi tufayli undan o‘simlik va boshqa tuproq organizmlari foydalana olmaydi.
Shuning uchun ham gigroskopik suvni tuproq bilan zich bog‘langan suv deb
yuritiladi.
Gigroskopik suv moddalarni eritish hamda elektr o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga
ega emas, muzlash darajasi ham juda past (-78°C). Gigroskopik suvning miqdori
tuproqlarda o‘zgarmaydigan son emas. Uning miqdori birinchidan havoning namligi
oshishi bilan ko‘paysa, ikkinchidan tuproq mexanik tarkibining og‘irlashishi, kolloid
zarrachalar va organik moddalarning ko‘payishi bilan ortadi. Bu o‘rinda, ayniqsa,
tuproqni tashkil etgan har xil minerallarning suvga bo‘lgan munosabati katta rol
o‘ynaydi. Bordi-yu, minerallar suvni o‘ziga yaxshi qabul qilsa, (gidrofil bo‘lsa) bu
minerallarning gigroskopikligi shuncha yuqori bo‘ladi, agarda minerallar suvni o‘ziga
yaxshi qabul qilmasa (gidrofob), bunday minerallarning gigroskopikligi past bo‘ladi.
Tuproq tarkibida mineral tuzlar (NaCl, Na 2SO 4, CaCl 2 va boshqalar) miqdorining
oshishi, uning albatta, gigroskopiklik qobiliyatining yuqori bo‘lishiga olib keladi.
Gigroskopik suv miqdori atmosfera havosining suv bug‘lari bilan to‘yinganlik
darajasiga qarab o‘zgarib boradi. Tuproq havosining suv bug‘lari bilan maksimal
to‘yingan holatida (nisbiy namlik 94 - 96% bo‘lganda) singdirilgan maksimal namlik
miqdori quruq tuproq massasiga nisbatan foiz hisobida ifodalanib, bu namlikni
maksimal gigroskopik suv (MG) deb ataymiz. Bunda tuproq zarrachasi atrofi
batamom suv molekulalari bilan o‘ralgan bo‘ladi (23-rasmdagi ikkinchi holat).
Gigroskopik va maksimal gigroskopik namliklarni aniqlash, tuproqning
tarkibiy qismlari to‘g‘risida mulohaza yuritishga imkon beradi. Ba’zi holatlarda
maksimal gigroskopiklik ko‘rsatkichi orqali o‘simliklarning so‘lish namligini yoki
so‘lish koeffitsientini hisoblab chiqish mumkin (20-jadval).
20-jadvalda O‘zbekiston hududlaridagi asosiy tuproq tiplarida zich bog‘langan
(gigroskopik, maksimal gigroskopik, o‘simlikning so‘lish namligi) va bo‘sh
bog‘langan (maksimal molekulyar namlik) suvlarning miqdori keltirilgan. Jadval
ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, zich va bo‘sh bog‘langan suv shakllari tuproq
tiplariga, uning granulometrik tarkibiga qarab o‘zgarib turadi. Ayniqsa, sho‘rlanish
darajasining oshishi maksimal gigroskopiklik ko‘rsatkichining keskin ko‘tarilishiga
sabab bo‘ladi.
M.A.Mazirov, I.Turapovlarning (2003) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rganilgan tog‘
jigarrang tuproqlarning maksimal gigroskopik namligi tuproqlarning profili bo‘ylab
o‘zgarishi kuzatiladi (21-jadval).