Page 86 - Safarova N., Safarov B. elektron darslik
P. 86
3.6. Tajriba uchun maydon tanlash va uni tayyorlash
Dala tajribalari о‘tkaziladigan maydonlar bir qator talablarga javob berishi
kerak. Bu talablarni asosan ikkiga bо‘lish mumkin.
Birinchidan, tajriba maydonchasi tipik yoki boshqacha aytganda,
reprezentativ bо‘lishi ya’ni о‘zining xossalari, unumdorligi va relyefi jihatidan
tajriba о‘tkazilayotgan tuman tuproqlariga aynan mos bо‘lishi kerak.
Ikkinchidan, tuproq qoplamining bir jinsli bо‘lishi lozim. Tabiiyki, bu
ma’noda bir jinslilik nisbiy ma’noda tushuniladi, chunki hech qachon bitta tajriba
maydonida mutlaq bir xil unumdorlikka ega bо‘lgan tuproqlarni topib bо‘lmaydi.
Lekin bundan unumdorlik jihatidan olachalpoq bо‘lgan maydonda ham tajriba
о‘tkazaverish mumkin degan ma’no kelib chiqmaydi. Mumkin qadar bir xil
unumdorlikka ega bо‘lgan tuproqlarni aniqlash uchun maydonning tarixi yaxshilab
о‘rganilishi, kimyoviy tahlil qilinishi va relyefi, mikrorelyefi aniqlanishi lozim.
Tajriba maydonchasining tarixi. Xо‘jalik faoliyati nuqtai-nazaridan tarixi
noma’lum bо‘lgan maydonlarda dala tajribalarni о‘tkazib bо‘lmaydi. Tajriba uchun
tanladigan maydonda keyingi 3-4 yil ichida bir xil ekin ekilgan, shuningdek,
о‘g‘itlash va ishlov berish ham ma’lum bir tizim asosida amalga oshirilgan bо‘lishi
kerak. Ayniqsa, tuproqqa solingan fosforli о‘g‘itlar va gо‘ng uzoq vaqt о‘z ta’sirini
saqlab qolishini unutmaslik lozim. Tadqiqotchi tajriba uchun mо‘ljallangan
maydonni keyingi bir yil ichida о‘zi kuzatib borishi yoki kamida shu joyning
sо‘nggi 3-4 yillik tarixini sinchiklab о‘rganmog‘i shart.
Tajriba maydonchasi turar joy binolari, chorvachilik fermalari va
daraxtzorlardan kamida 50-100 m, yolg‘iz turgan daraxt va binolardan kamida 25-
30 m olisroqdan tanlanadi. Shuningdek, tajriba maydonlari qadimgi yо‘llar, о‘g‘it
va gо‘ng uyumlari ustida, qurib qolgan ariqlar о‘rnida joylashmasligiga alohida
e’tibor beriladi.
Tuproqlari. Tajriba maydoninig tarixi talabga javob berishiga ishonch hosil
qilgandan keyin uning tuproqlari о‘rganiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, birinchi
navbatda tuproqlar о‘z unumdorligi jihatidan bir jinsli bо‘lishi lozim.
86