Page 92 - Raimbayeva G., Mirhayarova G. O'zbekiston tuproqlari va ularning evolyutsiyasi. elektron darslik
P. 92
zaxira miqdorining xam ko‘p bo‘lishiga olib keladi. Gumus zaxirasi
ishqorsizlangan tuproqlarning 0-30sm qatlamida 117-140 t/ga, 0-50sm da esa
144-186 t/ga ni tashkil qiladi. Umumiy azot ham bu qatlamlarda 8-14 t/ga
orasida bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichlar yuqorida bayon etilgan karbonatli va tipik
bo‘z tuproqlarning shu qatlamlari uchun xos bo‘lgan chirindi va azot
zaxirasidan ancha ko‘p hisoblanadi.
Gumus miqdorining ko‘pligi sababli bu tuproqlarda singdirish sig‘imi
ham yuqori, ya’ni chimli qatlamda 100g tuproqda 24-26, chim osti qatlamda
esa 20-21 mg/ekv ga teng. Singdirish sig‘im ko‘rsatkichi kesmaning ikkinchi
yarim metrlik qatlamida, tipik tuproqlarga xos ko‘rsatkichga yaqinlashib, 100g
tuproqda 8-10 mg/ekv.ni tashkil qiladi.
Ishqorsizlangan tog‘ jigarrang tuproq qatlamidagi karbonatdagi CO2
miqdori boshqa tog‘ tuproqlardan farqlanadi. Karbonatli va tipik jigarrang
tuproqlar butun tuproq qatlami bo‘yicha 10% HCL kislotasi ta’sirida shiddatli
vijillaydi, ishqorsizlangan tipchaning kislota ta’sirida vijillashi odatda 30-
40sm.dan boshlanib, ikkinchi yarim metrlik chuqurlikning oxirida shiddatli
kechadi. Bu ishqorsizlangan jigarrang tuproqlar uchun o‘ziga xos bo‘lgan
morfogenetik belgi bo‘lib, uning shakllanishida namlanish darajasi muhim.
Jigarrang tuproqlar Kitob-Shahrisabz botig‘ida keng tarqalgan bo‘lib,
sug‘oriladigan yoki lalmikor dehqonchilik bilan bog‘liq bo‘lmasdan,
botiqlikdagi tuproqlarning suv-oziqa tartibini boshqarishda, ayniqsa, bu
botiqlikda o‘ziga xos mavsumiy-iqlimiy tartibni vujudga keltirishda alohida
o‘rin tutadi. Bu tuproqlarning yuqori namlik sig‘imiga va suv o‘tkazuvchanlik
qobilyatiga ega. Jigarrang tuproqlarning 3ta: karbonatli, tipik, ishqorsizlangan
tipchalari bir-biridan ayrim kimyoviy ko‘rsatkichlari bilan farqlansada, umumiy
fosfor, ayniqsa, kaliy elementlarining miqdori jihatidan bir-biriga yaqin turadi.
Bu esa barcha jigarrang tuproqlarning tuproq paydo qiluvchi ona jinslarining
bir xilligidan dalolat beradi.
Tog‘ jigarrang tuproqlarda gumus miqdori.. Gumus miqdori 2-11%
gacha har xil biofonlarda o‘zgarib turadi. Uning eng ko‘p miqdori serchirindili-
botqoq o‘simliklar ostida (3-11%), eng kam miqdori esa o‘t o‘simliklari ostida
(1-2%) atrofida. Gumusning turli biologik fonlarda hamda tuproq qatlamlarida
o‘zgarib turishi, o‘z navbatida bu tuproqlarning agregatlik holatiga ta’sirini
ko‘rsatadi.
BOYSUN TOG‘I TUPROQLARI VA XOSSALARI
Zarafshon daryosi havzasining yuqori qismiga to‘g‘ri kеladi. Uning
chеgarasi shimolda Turkiston tizmasi, janubida Zarafshon, Hisor tizmalarining
suv ayirqichlaridan o‘tadi. Turkiston tizmasining mutlaq balandligi g‘arbida
3000 metr dan sharqiga tomon ko‘tarilib 5000-6000 metrga еtadi. Tizmaning
Janubiy yonbag‘ri shimoliy yonbag‘irga nisbatan qisqa va qiya bo‘lib, kеngligi
10-15 km. Yonbag‘ir chuqur daralar hosil qiluvchi, uncha uzun bo‘lmagan
soylar bilan bo‘lingan.Turkiston tog‘ tizmasi silur davrining slanеslaridan va
92