Page 108 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 108
Sho‘rtoblangan tuproqlarni yaxshilash va hosildor qilish uchun tuproqning
singdiruvchi kompleksidagi ortiqcha natriyni siqib chiqarib, kalsiyga almashtirish,
fizik xossasini yaxshilash zarur. Tuproqning sho‘rtoblanish darajasiga qarab ularning
o‘zlashtirish va yaxshilashda agrotexnik, biologik, kimyoviy usullardan
foydalaniladi. Sho‘rtobli tuproqlarni kalsiy zaxiralari hisobiga ham o‘zlashtirish
mumkin. Sho‘rtobli qatlam tagidagi gipsli qatlamlar yuza joylashgan yerlardagina
shunday qilish mumkin. Sho‘rlangan tuproqlarni gipslash natijasida fizik-kimyo
xossalari yaxshilanadi. Keyinchalik sho‘r yuvish jarayonida suvda oson eriydigan
tuzlar, shu jumladan natriy sulfat tuproqlardan chiqib ketadi. Gips natriyning kalsiy
bilan almashishiga ta’sir qiladi va tuproq sog‘lomlashadi, fizik xossalari yaxshilanadi.
Ushbu tuproqlarga mahalliy va mineral o‘g‘itlar solish, almashlab ekishni joriy qilish
ularning unumdorligini tiklash va oshirishni ta’minlaydi.
Sug‘oriladigan tuproqlarning ikkilamchi sho‘rlanishi va uning oldini olish.
Ikkilamchi sho‘rlanish deb, sug‘oriladigan sho‘rlanmagan yoki oldin
sho‘rsizlantirilgan tuproqlarning tezda unumdorligi pasayib turli darajadagi
sho‘rlangan tuproqlarga aylanish jarayoniga aytamiz. Ikkilamchi sho‘rlanish
yangidan o‘zlashtirib sug‘oriladigan yerlarda va yangidan qurilgan, lekin foydali
koeffitsenti kichik bo‘lgan irrigatsiya tarmoqlarida sug‘orish ishlarining
boshlanishidan ko‘p yil o‘tmay rivojlanadi. Gidroizolyatsiyasiz o‘tkazilayotgan
sug‘orish kanallarining foydali koeffitsenti 0,5-0,6 dan kichik. Buning ustiga ekinlar
sug‘orilmagan vaqtda ham dalalarimizdan juda ko‘p suv foydasiz oqib yer ostiga
shimilib ketadi. Yer ostiga shimilayotgan suvlar o‘zi bilan birga tuproq
qatlamlaridagi yotqizilgan tuzlarni eritib sizot suvlariga tushiradi. Bu hol,
birinchidan, sizot suvlari mineralizatsiyasini oshishiga va joyning oqimi yomon
bo‘lganligidan uni yana yer betiga ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun ikkilamchi sho‘rlangan tuproqlarni tuzdan tozalash uchun
yuqorida aytilgan ogohlantirish choralari bilan bir qatorda, sizot suvlarini kritik
chuqurlikdan pastga tushirish uchun yetarli miqdorda zovur kanallari qurilib, sizot
suvlarining oqimini tezlashtirish, uni chuchuklashtirish kabi ishlarni olib borish
kerak. Chunki sizot suvlarining ko‘tarilishi va ildiz zonasida tuzlarni to‘planishi
ikkilamchi sho‘rlanishga sabab bo‘ladi. Keragidan ortiq miqdorda sug‘oriladigan suv
bilan tuzni yuvib chiqarish yer ostidagi suvlarni ko‘tarilish va botqoqlashish havfini
kuchaytiradi (Kovda, 1981, 2008).
Ikkilamchi sho‘rlanishning ikkinchi davrida yirik va o‘rta kattalikdagi
irrigatsiya kanallarining har ikki tomonlarida turli kenglikdagi turg‘un dexqonchilikni
davom ettirish mumkin bo‘lgan chuchuk sizot suvlik zona hosil bo‘ladi, qolgan 50-60
% yer maydoni kuchli sho‘rlanishi tufayli qishloq xo‘jalik oborotidan chiqib qolishi
mumkin.
Quruq va issiq iqlimli sharoitlarda ekinlarimizni 10-12 marotabagacha
sug‘oramiz. Sho‘r yuvish bilan sug‘oriladigan yerlar tuproq eritmasining
konsentratsiyasi 15-20 g-l dan ortmasligi kerak. Shuning uchun ham bunday
tuproqlarni sug‘orish rejimi tuzlarni yuvish rejimida o‘tkazilishi kerak. Boshqacha
qilib aytganda, yaxshi ishlaydigan zovur kanallari yordamida tuzlarning doimiy
yuvilib, ekin maydonidan chiqib ketishini, tuproq eritmasini yangi chuchuk sug‘orish
suvi bilan almashinib turishini ta’minlash kerak.
108

