Page 84 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 84
sohasidagi mutaxassislar bu mintaqadagi o‘rmonlarni, jumladan yong‘oqzorlarni
saqlash, tuproqlarni muhofaza qilishdek dolzarbli ishlarni olib borish lozim.
Baland tog‘ mintaqasi tuprog‘i. Tog‘ mintaqada qora qo‘ng‘ir tog‘ - o‘tloqi,
tipik tog‘-o‘tloqi dasht tuproqlari tarqalgan va dengiz sathidan 2300-2800 m
balandlikda joylashgan. Tog‘ o‘tloqi qo‘ng‘ir tuproqlarida gumus miqdori 11-14
foiz, tipik tog‘-o‘tloqi tuproqda kam. Gumusli akkumulyativ qatlami unchalik qalin
emas. Tog‘-o‘tloqi dasht tuproqda gumus 4-10 foizni tashkil etadi. Tuproq yaxshi
agrokimyoviy, agrofizik xossalarga ega bo‘lishiga qaramay dehqonchilikda
foydalanilmaydi. Yoz fasli uchun yaxshi yaylov bo‘lib, chorvachilikni
rivojlantirishda alohida o‘rin tutadi. Yaylov sifatida foydalaniladigan kengliklardan
oqilona foydalanish lozim.
Yerdan foydalanishda inson faoliyati. Suv va shamol eroziyasining rivojiga
faqat tabiiy omillar sabab bo‘lmaydi, balki inson yerdan foydalanish jarayonida
agrotexnik tadbirlarga qattiy rioya qilmasliklari ham ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni iqlim,
rel’ef, geologik-geomorfologik, o‘simlik, tuproq sharoitlari suv va shamol
eroziyasining namoyon bo‘lishiga sharoit yaratsa ham eroziya jarayonlarning
rivojlanishiga asosiy sababchi bu insonni noto‘g‘ri xo‘jalik faoliyatidir. Shuning
uchun inson faoliyati eroziyani rivojlantiruvchi omillarning ta’sirini pasaytirish,
eroziya jarayonlari rivojini to‘xtatish, eroziyaga chalingan tuproqlarni unumdorligini
tiklash va yer manbalaridan samarali foydalanishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Mamlakatimizda tabiiy iqlim sharoit hamda tuproq tarkibi va tuzilishi juda
xilma-xil bo‘lganligi sababli har bir mintaqa uchun, mintaqa miqyosida esa har bir
viloyat, tuman va ularda joylashgan tuproq ayirmasiga mos bo‘lgan va qat’iy
tabaqalashtirilgan dehqonchilik tizimi hamda agrotexnika va meliorativ
komplekslarni ishlab chiqishni talab qiladi. Tuproqlarning tarkibi yaxshilanishi va
unumdorligi oshishiga sug‘orish ishlari katta ta’sir ko‘rsatadi. Sug‘orish natijasida
tuproqlarning hamma xossa-xususiyatlari va genetik qatlamlari o‘zgaradi, biologik
jarayonlar bir necha marotaba kuchayadi. Mineral moddalarning kimyoviy nurashi
juda tezlashadi, nihoyat sug‘orish suvi bilan oqib kelgan loyqalarning yer betiga
chiqishidan yangi agroirrigatsion qatlam paydo bo‘ladi.
Cho‘l va tog‘ mintaqalarida, adir joylarda mollarni betartib boqilishi ko‘p
hollarda tuproq yuzasining ochilib qolishiga va tabiiy o‘simliklarning yo‘qolib
ketishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida tuproq yuzasidagi zarrachalarning shamol
va suvlar ta’sirida uchirilib, yuvilib (shamol va suv eroziyasi) ketishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, tog‘ oldi va tog‘li xududlarda relefni e’tiborga olmagan holda sug‘orish
ishlarini olib borish, tuproqning ustki, eng unumdor qatlamining eroziya jarayonlari
ta’sirida yuvilib ketishiga va jarliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Insonlarning
tuproqdan oqilona foydalanishi natijasida uning unumdorligi oshib boradi. Aksincha,
yerlardan noto‘g‘ri va e’tiborsiz foydalanish esa eroziya jarayonlarining
kuchayishiga, tuproq xossa-xususiyatlarining yomonlashishiga, unumdorligining
pasayishiga sabab bo‘ladi.
6-bob mavzusi yuzasidan nazorat savollar:
1. O‘zbekiston hududida tarqalgan eroziya turlarini tavsiflab bering?
2. Suv eroziyasi qanday sharoitlarda paydo bo‘ladi? Suv eroziyasining tuproq
unumdorligiga va o‘simliklar hosildorligiga ta’siri haqida ma’lumot bering?
84

