Page 113 - QODIROVA D. ТУПРОҚ ФИЗИКАСИ elektron darslik
P. 113
(sorbsion) tortish kuchi ta’sirida atmosfera havosidagi suv molekulalari
tuproqqa qayta singadi hamda tuproq zarrachalari yuzasida to‘plana
boshlaydi (15-rasmdagi birinchi holat).
Tuproq zarrachalarining atmosfera havosidagi suv molekulalarini
(namni) o‘ziga singdirish qobiliyatiga uning gigroskopiklik xususiyati va
shu yo‘l bilan singdirilgan suv gigroskopik suv deb ataladi.
Gigroskopik suv tuproq zarrachalari orqali juda katta bosim bilan
ushlab turilganligi tufayli undan o‘simlik va boshqa tuproq organizmlari
foydalana olmaydi. Shuning uchun ham gigroskopik suvni tuproq bilan
zich bog‘langan suv deb yuritiladi.
Gigroskopik suv moddalarni eritish hamda elektr o‘tkazuvchanlik
qobiliyatiga ega emas, muzlash darajasi ham juda past (-78° S).
Gigroskopik suvning miqdori tuproqlarda o‘zgarmaydigan son emas.
Uning miqdori birinchidan havoning namligi oshishi bilan ko‘paysa,
ikkinchidan tuproq mexanik tarkibining og‘irlashishi, kolloid zarrachalar
va organik moddalarning ko‘payishi bilan ortadi. Bu o‘rinda, ayniqsa,
tuproqni tashkil etgan har xil minerallarning suvga bo‘lgan munosabati
katta rol o‘ynaydi. Bordi-yu, minerallar suvni o‘ziga yaxshi qabul qilsa,
(gidrofil bo‘lsa) bu minerallarning gigroskopikligi shuncha yuqori bo‘ladi,
agarda minerallar suvni o‘ziga yaxshi qabul qilmasa (gidrofob), bunday
minerallarning gigroskopikligi past bo‘ladi. Tuproq tarkibida mineral
tuzlar (NaCl, Na2SO4, CaCl2 va boshqalar) miqdorining oshishi, uning
albatta, gigroskopiklik qobiliyatining yuqori bo‘lishiga olib keladi.
Gigroskopik suv miqdori atmosfera havosining suv bug‘lari bilan
to‘yinganlik darajasiga qarab o‘zgarib boradi. Tuproq havosining suv
bug‘lari bilan maksimal to‘yingan holatida (nisbiy namlik 94 - 96%
bo‘lganda) singdirilgan maksimal namlik miqdori quruq tuproq massasiga
nisbatan foiz hisobida ifodalanib, bu namlikni maksimal gigroskopik suv
(MG) deb ataymiz. Bunda tuproq zarrachasi atrofi batamom suv
molekulalari bilan o‘ralgan bo‘ladi (15-rasmdagi ikkinchi holat).
Gigroskopik va maksimal gigroskopik namliklarni aniqlash,
tuproqning tarkibiy qismlari to‘g‘risida mulohaza yuritishga imkon beradi.
Ba’zi holatlarda maksimal gigroskopiklik ko‘rsatkichi orqali
o‘simliklarning so‘lish namligini yoki so‘lish koeffitsientini hisoblab
chiqish mumkin.
26-jadvalda O‘zbekiston hududlaridagi asosiy tuproq tiplarida zich
bog‘langan (gigroskopik, maksimal gigroskopik, o‘simlikning so‘lish
namligi) va bo‘sh bog‘langan (maksimal molekulyar namlik) suvlarning
miqdori keltirilgan.
108