Page 402 - Innovatsion iqtisodiyot
P. 402
INNOVATSION IQTISODIYOT
Akram XASHIMOV
Shunday qilib, barqaror o‘sish va kengayishning yakuniy bosqichi
bo‘lib, bu investitsiyalardan chiqish fazasiga tayyorgarlik ko‘rish
hisoblanadi. Ushbu bosqichda kompaniya foyda yoki zararni qayd
etish maqsadida investorning kompaniyadagi ulushini sotishni ko‘zda
tutuvchi loyihadan chiqishni istiqbolli rejalashtirishga o‘tishi va uzoq
muddatli korporativ strategiyani ishlab chiqishi lozim. Investorning
kompaniyadan chiqishining: to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish; ommaviy oferta
(shu jumladan, IPO) orqali sotish; hisobdan chiqarish; imtiyozli
aksiyalar/qarzlarni to‘lab berish; boshqa venchur kapitali egasiga
sotish; moliya muassasasini sotish kabi usullari mavjud.
Shunday qilib, innovatsion kompaniyalar rivojlanishining dastlabki
va keyingi bosqichlarida moliyalashtirish manbalari o‘ziga xos
xususiyatlarga ega bo‘lib, ular anʼanaviy kompaniyalar tomonidan
foydalaniluvchi moliyalashtirishning o‘xshash manbalaridan sezilarli
darajada farq qilishi mumkin. Innovatsion faoliyatni moliyalashti-
rishning mumkin bo‘lgan manbalarini o‘sib borish tartibida
joylashtiramiz:1) shaxsiy jamg‘armalar (yaʼni F-Family, Friends, Fools);
2) grantlar, OTMlarining mablag‘lari; 3) biznes-inkubatorlarning mab-
lag‘lari; 4) innovatsion loyihalarni saralab olish borasida o‘tkaziluvchi
tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkaziluvchi tanlovlarning mablag‘lari;
5) biznes-farishtalar; 6) investitsiya fondlari mablag‘lari; 7) venchur
fondlari; 8) strategik sheriklik; 9) fond bozorlari va banklar.
10.2. Rivojlanishning dastlabki bosqichlarida innovatsion
faoliyatni moliyalashtirish manbalari
Innovatsion kompaniyalar rivojlanishining boshlang‘ich va ilk
bosqichlarida (seed stage, start-up, early stage) moliyalashtirishning
asosiy manbalari orasida o‘z-o‘zini moliyalashtirish, grantlar,
oliy o‘quv yurtlari va texnoparklarning mablag‘lari, shuningdek,
investitsiya fondlari va biznes-farishtalarning mablag‘lari kabilarni
ajratib ko‘rsatishimiz mumkin.
Fuqarolarning shaxsiy jamg‘armalari – bu venchur kapitalni
jalb qilmasdan va bank qarzlaridan foydalanmasdan turib, kichik
innovatsion firmalarni moliyalashtirish manbai hisoblanadi.
401