Page 37 - Burxanova D. Tuproq_fizikasi va iqlim o'quv qo'llanma
P. 37
Tuproq yuzasiga issiqlikning tushishi, tuproq qatlamlariga o‘tishi, to‘planishi
va qaytishi kabi hodisalar yig‘indisiga tuproqning issiqlik rejimi deyiladi.
Tuproqning issiqlik rejimi iqlim (quyosh radiatsiyasining oqimi, atmosferaning
namlanishi va quruqlashuvi va boshqalar), shuningdek, joyning relyef sharoitlari,
o‘simlik va qor qoplami singarilar ta’sirida vujudga keladi. Tuproqning issiqlik
holatini xarakterlovchi issiqlik rejimining asosiy ko‘rsatkichi tuproq harorati
hisoblanadi. Tuproq harorati, kelayotgan quyosh radiatsiyasi oqimi va tuproqning
issiqlik xossalari bilan belgilanadi. Harorat tez o‘zgarib turadigan tuproq qatlami 0–1
sm bo‘lib, 3–5 sm dan boshlab, keskin pasayadi. Tuproqning 35–100 sm chuqurligida
haroratning sutkalik o‘zgarishi deyarli kuzatilmaydi. Tuproq haroratining sutkalik
o‘zgarishiga joyning kengligi, havoning ochiq yoki bulutli bo‘lishi, yog‘in - sochin,
shamol ta’siri hamda tuproqning tarkibi, o‘simlik va qor qoplami ta’sir etadi. Yoz
faslida yalang, ochiq joylarda tuproq ustki qatlamining harorati O‘rta Osiyoda 70-
75°C va tropik mamlakatlarda 82°C ga etadi. Tuproqdagi haroratning iyul va avgust
oylarida o‘rtacha sutkalik o‘zgarishi eng yuqori, yanvar–fevralda esa minimal
darajada bo‘ladi. Yoz faslida eng yuqori sutkalik o‘rtacha harorat, odatda tuproqning
ustki qismida kuzatilib, quyi qismlarida kamayib boradi. Qishda esa aksincha
tuproqning yuzasida harorat pasayib, quyi qismlarida ko‘tariladi. Tuproq haroratining
o‘zgarib turishiga sabab bo‘luvchi asosiy tabiiy omillarga joyning relyefi, tuproq
xossalari, o‘simlik va qor qoplami singarilar kiradi. O‘simlik qoplami yoz faslida yer
yuzasining nihoyatda isib ketishidan saqlaydi, qish mavsumida esa tuproqdagi
issiqlikning tarqalib ketishini pasaytiradi. Qishki davrda qor qoplami tuproq
haroratiga ta’sir etib, issiqlikni to‘playdi va yerni sovib ketishdan, muzlashdan
saqlaydi. Bu – qishlayotgan kuzgi g‘alla nobud bo‘lishini oldini olishda muhim
ahamiyatga ega.
Tuproqning harorati, shuningdek, uning mexanik tarkibi, namligi va rangiga
bog‘liq. Namlikni yaxshi saqlab turadigan soz tuproqlar yuqori issiqlik sig‘imiga ega
bo‘lganidan, bug‘lanishga ketadigan issiqlikni shuncha ko‘p sarflaydi. Qumli
tuproqlar kichik issiqlik sig‘imiga ega bo‘lganidan, soz tuproqqa nisbatan tezroq
isiydi. Demak, yengil mexanik tarkibli quruq va zaxi yaxshi qochirilgan tuproqlar
bahor–yozda issiqroq bo‘lib, kuzda esa soz tuproqlarga nisbatan sovuqroq bo‘ladi.
Tuproqning harorat rejimini xarakterlashda tuproqning 20 sm chuqurlikdagi aktiv
harorat (>10°C) ning davomiylik davri muhim ahamiyatga ega. Ana shu chuqurlikda
ekinlar ildiz sistemasi tabiiy qatlamining asosiy qismi tarqalgan bo‘ladi.
Tuproqning 0,2 m chuqurlikdagi faol harorati (>10°C) tuproqning issiqlik bilan
ta’minlanishini belgilovchi asosiy ko‘rsatkichdir (11- jadval).