Page 42 - Burxanova D. Tuproq_fizikasi va iqlim o'quv qo'llanma
P. 42
Tuproq chuqurliklarining harorati va uning ahamiyati
Umumiy tushinchalar: Tuproq haroratining energiya manbayi quyosh
radiatsiyasi hisoblanadi. Dastlab radiatsiya tuproqning yuza qismini isitadi va asta–
sekin isish jarayoni, issiqlik va harorat o‘tkazuvchanlikka bog‘liq holda, tuproqning
ichki qatlamlari tomon o‘tib boradi. Tuproq haroratining turli chuqurliklarida sutka,
oy va yil davomida harorati o‘zgarib turadigan qatlam faol qatlam deb ataladi. Sutka
davomida tuproqning ichki qatlamida harorat o‘zgarmaydigan qatlam doimiy sutkalik
harorat qatlami deyiladi. Yil davomida tuproq harorati o‘zgarmaydigan qatlam esa
doimiy yillik harorat qatlami deyiladi.
SH.T.Xoliqulov, (2004) ma’lumotlariga ko‘ra, sug‘oriladigan o‘tloq tuproqlari
sharoitida chuqurliklar bo‘ylab haroratning o‘zgarishini yaqqol tasavvur qilish
mumkin. Chuqurlik ortib borgan sayin harorat amplitudasi kamayib boradi, doimiy
sutkalik harorat qatlami deyarli 50 sm chuqurlikka to‘g‘ri keladi (12-rasm).
Tuproq harorati chuqurliklar bo‘yicha Furening quyidagi qonunlari asosida
o‘zgaradi:
- tuproq chuqurliklari bo‘yicha haroratning o‘zgarishi (minimum va
maksimum o‘rtasidagi farq) sutkada 24 soatga va yilda 12 oyga teng;
-tuproqning chuqurligi arifmetik progressiya bo‘yicha oshib borsa, tuproq
harorati amplitudasi geometrik progressiya bo‘yicha o‘zgarishga ega bo‘ladi;
-tuproqning chuqurligiga to‘g‘ri proporsional ravishda maksimal va minimal
haroratlarning bo‘lish vaqti chuqurliklarda tuproq yuzasiga nisbatan doimo kechikib
boradi.
12–rasm. Turli chuqurliklarda tuproq haroratining sutkalik o‘zgarishi
(SH.Xoliqulov, 2004).