Page 52 - Raimbayeva G., Mirhayarova G. O'zbekiston tuproqlari va ularning evolyutsiyasi. elektron darslik
P. 52
bu yerda o‘sadigan o‘simliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Quyosh nuri kam
tushadigan qiyaliklarda tuproqning suv bilan ta’minlanishi yaxshi bo‘lib,
daraxtlar, archa va o‘t o‘simliklarning o‘sishi uchun qulay sharoit mavjud. Bu
esa, o‘z navbatida, tuproqni suv eroziyasidan saqlab, tuproq qoplamining
qalinligini oshiradi. Tog‘li o‘lka tuproqlarini tadqiqot qilish natijasida, bu
hududlarda asosan tog‘ jigarrang tuproqlari soy va vodiylarida tog‘ lentasimon
ko‘rinishda kam gumusli, kuchli skeletli o‘tloqi va botqoq tuproqlar
tarqalganligi aniqlangan. Karbonatli qatlamlarning tarqalish chuqurligi,
mexanikaviy tarkibi, gumusli qatlamining qalinligi va uning miqdori, tarqalish
balandligi va rel’efi, qiyalikning quyoshga nisbatan joylashganligi, kimyoviy
tarkibi, namlanish darajasi, o‘simlik qoplamining holatiga ko‘ra, tadqiqot olib
borilgan hududlar tuproqlari tarqalishida o‘ziga xos qonuniyatlar mavjud.
CHOTQOL TOG‘INING JIGARRANG TUPROQLARI, GEOGRAFIK JOYLASHISHI
VA TUPROQ PAYDO BO‘LISH SHAROITLARI
Chotqol tog‘ida quyidagi tuproq tiplari va tipchalari uchraydi.
1. Tog‘ jigarrang tuproqlar. Bu tuproq tipi uch tipchaga bo‘linadi:
- Tog‘ jigarrang karbonatli;
- Tog‘ jigarrang tipik;
-Tog‘ jigarrang ishqorsizlangan.
2. To‘q qo‘ng‘ir (qoramtir tusli) tog‘-o‘rmon tuproqlari.
3. Tog‘ o‘tloqi-to‘q qo‘ng‘ir(qoramtir tusli) tuproqlar.
4.Baland tog‘ mintaqasining och qo‘ng‘ir-o‘tloqi va o‘tloqi-dasht tuproqlari.
5.Alp mintaqasining tog‘-o‘tloqi torflashgan tuproqlari.
Chotqol tog‘idagi biosfera qo‘riqxonasi tuproqlarining tavsifi.
Chotqol biosfera qo‘riqxonasida tog‘ jigarrang tuproqlar keng tarqalgan va
ular asosan uch tipchadan iborat: karbonatli, tipik, ishqorsizlangan.
Tog‘ jigarrang karbonatli tuproqlar. Tog‘larning qisman ochiq va
suvayirg‘ich qismlarida tarqalgan. Bu yerda tuproq hosil bo‘lish jarayoni
elyuvial kseromorf tartibga yaqin sharoitda hosil bo‘ladi.
Karbonatli jigarrang tuproqlar o‘ziga xos morfologik belgilarga ega:
-to‘q kulrang tusli chirindili (gumusli) qatlami boshqa jigarrang
tuproqlarga nisbatan birmuncha qisqaligi, chirindi miqdoriga qarab esa, bu
qatlam kam chirimdiligi, rangining o‘zgarishi bilan namoyon bo‘ladi;
-loylangan, ba’zan kuchsiz loylangan va shu bilan ona jinsiga nisbatan
og‘ir hamda zichroq qatlamning mavjudligi;
-chirindili qatlam, odatda, yuqori qismida donador g‘ovak, pastki qismida
esa har xil kattalikdagi va shakldagi yong‘oqchasimon kesakchali va changli
strukturali. Bu qatlami g‘ovak strukturali bo‘lakchalar kam chirindili
bo‘lganligi sababli suvga chidamsiz hisoblanadi;
-karbonatli qatlam kesmaning yuqori qatlamida morfologik belgilar yaxshi
ifodalanmasdan, kesmaning o‘rta va pastki qatlamlarida oq ko‘zlar (beloglazki),
52