Page 16 - Burxanova D. Tuproq_fizikasi va iqlim o'quv qo'llanma
P. 16
Shuni ta’kidlash kerakki, O‘rta Osiyo tuproqlarining hech qaysisi yuqorida
ko‘rsatilgan sharoitlarga mos kelmaydi. Biroq, shunga qaramay, O‘rta Osiyo
dehqonlari sug‘orish uchun sarflangan suv, dalalarga solingan o‘g‘it va sarf etilgan
mehnat evaziga bu erlardan mo‘l-ko‘l hosil olayotirlar. Bu ma’lumotlar yuqorida
aytib o‘tilgan konsepsiya bilan O‘rta Osiyo sug‘oriladigan tuproqlariga nisbatan
qaytadan ko‘rib chiqildi.
Bu qoidalar quyidagilardan iborat:
1) strukturalilik kriteriysi sug‘oriladigan tuproqlarda effektiv unumdorlik
darajasini ko‘rsatadigan belgidir;
2) agregatlarning eng kichik diametri;
3) suvga chidamli agregatlarni ajratib olish usuli.
Paxtachilik instituti va uning regional tajriba stansiyalarida hamda O‘rta Osiyo
respublikalarining tuproqshunoslik va agrokimyo institutlarida olingan
ma’lumotlardan quyidagi xulosaga kelindi:
• Bo‘z tuproqlar mintaqasida strukturasining yaxshiligi jihatidan o‘tloqi
tuproqlardan keyingi o‘rinda to‘q tusli bo‘z tuproqlar, undan keyingi o‘rinda tipik
bo‘z tuproqlar va eng keyingi o‘rinda och tusli bo‘z tuproqlar turadi.
• Eng past “strukturali” – tuproqlar – cho‘l mintaqasi tuproqlaridir. Bulardan
taqirlar eng oxirgi o‘rinda turadi.
• Bo‘z tuproqlar mintaqasida ham, sahro tuproqlarida ham gidromorf
tuproqlarning makrostrukturasi shu mintaqa va zonalardagi avtomorf tuproqlarnikiga
nisbatan suvga chidamliroq hisoblanadi.
• O‘zbekistonning ekinbop tuproq tiplari orasida makrostrukturasining suvga
chidamliligi jihatdan Farg‘ona vodiysining tuproqlari juda yaxshi hisoblanadi.
Ekinzorlarning tuproqlarini taqqoslab ko‘rganda, ular o‘rtasidagi farq yaqqol ko‘zga
tashlanadi. Bunga agrotexnika saviyasining ta’siri sabab bo‘lsa kerak. Masalan,
O‘zPITI Oqqovoq tajriba stansiyasida qadimdan haydab kelinayotgan tipik bo‘z
tuproqlar haydalma qatlamida suvga chidamli agregatlar miqdori Savvinov usuli
bo‘yicha aniqlanganda, taxminan 15 % ni tashkil etdi, Farg‘ona vodiysida esa 40 %
ni tashkil etdi; bo‘z tuproqlar mintaqasidagi ayrim tuproq tiplari boshqa region
tuproqlari bilan taqqoslanganda ham xuddi shunday natija olindi.
• Sahro tuproqlari ichida eng past strukturali tuproq – G‘arbiy Turkiston
tuproqlari hisoblanadi.
• Yerlarni o‘zlashtirib ekin eka boshlash ham, qo‘llaniladigan agrotexnikaning
saviyasi ham tuproqlarga turlicha ta’sir etadi. S.N.Rijov, P.N.Besedin (sug‘oriladigan
bo‘z tuproqlarga doir) va B.V.Gorbunovlarning (lalmikor bo‘z tuproqlarga doir)
ma’lumotlariga ko‘ra, yangi erlarni o‘zlashtirib, ekin eka boshlash ayrim hollarda
makrostrukturalarning suvga chidamliligining kamayishiga sabab bo‘ladi; bunday
tuproqlarda 1 mm dan yirik agregatlar miqdori keskin kamayib ketadi (sahro
zonasidagi tuproqlarga ekin ekila boshlaganda ham ayni shu ahvol yuz beradi).
• Makrostrukturaning suvga chidamliligi masalasida haydalma qatlam bilan
uning tagidagi qatlam o‘rtasida sezilarli farq bo‘lmaydi. O‘rta Osiyodagi
sug‘oriladigan tuproqlar mana shu xossalari bilan MDH Evropa qismidagi
tuproqlarning aksari tiplaridan keskin ajralib turadi.