Page 21 - Burxanova D. Tuproq_fizikasi va iqlim o'quv qo'llanma
P. 21
va tuproqning agregatlik holatini (strukturasini) tiklashning agrotexnik tadbiri hamda
usullari ishlab chiqilgan.
Hozirga qadar tuproqning strukturali holatini tiklashning quyidagi agrotexnik
usullari mavjud:
• tuproqqa ishlov berish;
• tuproqni gumin va ulmin kislotalari bilan boyitish;
• nordon (kislotali) tuproqlarni ohaklash, ishqorli tuproqlarni gipslash;
• almashlab ekish tizimini to‘g‘ri joriy etish.
Tuproqqa ishlov berish har yili qaytariladigan muhim agrotexnik tadbir
hisoblanadi. Uni amalga oshirishda insoniyat mexanik va fizik jihatdan katta ish
bajaradi. Isbot tariqasida N.A.Kachinskiyning quyidagi taxminiy hisobini keltiramiz:
butun yer sharida 1 mlrd gektardan ortiq yerga dehqonchilik qilinadi. Shundan 500
3
mln gektar yer maydoni 20 sm chuqurlikda haydalsa, insoniyat har yili 1000 km
tuproqni ag‘dar-to‘ntar qilgan bo‘ladi. Bu esa butun yer sharidagi daryolarning
dengiz va okeanlarga olib keladigan qattiq mineral yotqiziqlardan 7-10 marta ko‘pdir.
Keltirilgan oddiy bir misoldan ko‘rinib turibdiki, insoniyat ishlov jarayonida
katta ish bajaribgina qolmay, balki kelajak hosil taqdirini hal etuvchi tuproq muhitini
vujudga keltiradi.
Etuk tuproqshunos olim E.Rassel ta’kidlashi bo‘yicha dehqonchilik tizimida
tuproq unumdorligini ta’minlovchi agregat bo‘lakchalarini vujudga keltira olmagan
ishlov berish usuli yaroqsiz hisoblanadi. Akademik V.R.Vilyams tuproqqa madaniy
ishlov berishga alohida e’tibor bergan. Uning ta’kidlashi bo‘yicha tuproqqa ishlov
berishning asosiy vazifasi tuproqning haydalma qatlamini agregatchalardan tashkil
topgan g‘ovak tizimga aylantirishdir. Ishlov berish jarayonini o‘tkazish vaqtida
tuproq chang-to‘zonga aylanmasligi lozim.
Binobarin, bu jarayonni tuproq o‘ta nam yoki juda qurib qolgan sharoitda olib
borish mumkin emas. Sifatli ishlovni ta’minlovchi ko‘pgina fizik-mexanik jarayonlar
yopishqoqlik, plastiklik, uvalanish, qattiqlik va boshqalar – tuproqning namlik
ko‘rsatkichi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Namlikning oshishi tuproq
yopishqoqligini yanada ortishiga, ishlov berish asboblariga ko‘rsatadigan solishtirma
qarshilikning oshishiga olib keladi. Shuning uchun ham sifatli ishlov berishning
asosiy omili – bu tuproqning optimal namlik ko‘rsatkichini topishdir. Optimal namlik
tuproqda qoniqarli strukturani vujudga keltiradi, eng kam yopishqoqlikni, qattiqlikni
ta’min etadi.
Fizik etilgan tuproqning namligi plastiklik (nam holatda o‘z shaklini saqlash)
holatining eng quyi darajasiga yaqin turadi. Bu paytda haydalgan tuproq yaxshi
uvoqlanadi, yerni ishlash uchun ketadigan mehnat sarfi kamayadi va eng chidamli
agregatlar hosil bo‘ladi.
Olingan ko‘pgina ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, tuproqlarning plastikligining
quyi chegarasi va struktura hosil bo‘lish namligi o‘zaro bog‘liqlik kuzatiladi. Tipik
bo‘z tuproqlarda haydalma qatlam plastikligining quyi chegarasi 17-19 % ni tashkil
etadi, struktura hosil bo‘lish namligi esa 19-20 % o‘rtasida o‘zgarib turadi. Cho‘l
mintaqasining sug‘oriladigan o‘tloqi voha tuproqlarida esa plastiklikning quyi
chegarasi mexanik tarkibga ko‘ra 15-19 % ni tashkil etsa, struktura hosil bo‘lish
namligi esa 17-21 % o‘rtasida bo‘ladi. Xullas, optimal namlik ko‘rsatkichi