Page 125 - Raimbayeva G., Mirhayarova G. O'zbekiston tuproqlari va ularning evolyutsiyasi. elektron darslik
P. 125
To‘q tusli bo‘z tuproqlarning sug‘oriladigan tuproqlari: tuproqlar tog‘ osti
past-baland adirliklarda tarqalgan. Mexanik tarkibiga ko‘ra og‘ir qumoqli,
ayrim joylarda kam toshloqli, ba’zan 50-100 sm qatlam chuqurligida qum-
shag‘al yotqiziqlari uchraydi. Gumus miqdori 1,7-2,6% ni, azot 0,12-0,20%,
yalpi fosfor 0,10%, yalpi kaliy esa 1,5-2,8% atrofida.
Lalmi to‘q tusli tuproqlar: tog‘ etagi va tog‘ oldi hududlari, past tog‘larda
joylashgan. Mexanik tarkibiga ko‘ra og‘ir qumoqli, ayrim joylarda toshloqli.
Gumus miqdori 1,0-2,8%, yalpi azot 0,10% dan 0,14% atrofida.
Bo‘z tuproqlarning sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari: hududning III va
IV qayir usti terrasalarida uchraydi. Yuvilmagan tuproqlarda gumus miqqdori
1,2%, kam yuvilganda 0,91%, o‘rtacha yuvilganda 0,55-0,86%, harakatchan
fosfor kam yuvilganlarda 10,8 mg/kg, o‘rta va kuchli yuvilganlarda 4,7-5,6
mg/kg, fosfor 36,0 mg/kg atrofida.
Lalmi tipik bo‘z tuproqlar: daryolarning yuqori terrasalarida va tog‘ oldi
past-baland qir-adirliklarning tizmalarida tarqalgan. Mexanik tarkibiga ko‘ra
og‘ir qumoqlidir. Gumus miqdori 1,0-1,5%, kuchli eroziyaga uchragan
joylarda 0,5-0,7% ni, yalpi azot miqdori 0,07-0,13% ni tashkil etadi.
Sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z tuproqlar: Chirchiq, Angren va Sirdaryoning II
qayir usti terrasalarida uchraydi. Mexanik tarkibiga ko‘ra og‘ir va o‘rta
qumoqlidir, 50-100 sm qatlam chuqurligida shag‘al-qum yotqizilgan qatlamlar
tez-tez uchraydi. Tuproqning haydalma qatlamida gumus miqdori 0,9-1,4%,
quyi qatlamlarda 0,6-0,9% ni tashkil etadi.
Chirchiq va Angren daryolarining II qayir usti terrasalari sho‘rlanmagan,
Sirdaryoning II qayir usti terrasalarida ba’zan kuchsiz sho‘rlangan tuproqlar
uchraydi. Sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi va o‘tloqi bo‘z tuproqlar: III va II qayir
usti terrasalarda uchraydi. Tuproqlar o‘rta va kuchli yuvilgan. Bu tuproqlar
sho‘rlanishga moyil. Mexanik tarkibiga ko‘ra og‘ir va o‘rta qumoqlidir. Gumus
miqdori 0,9-1,2% ni, yalpi azot 0,04-0,10% ni, yalpi fosfor 0,12-0,14 va kaliy
0,9-1,9% ni tashkil etadi. Sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlar: Sirdaryo, Chirchiq
va Angren daryolarining I va II qayir usti terrasalarida uchraydi. Gumus
miqdori 0,9-1,6%, yalpi azot 0,06-0,12%, fosfor 0,08-0,18% va kaliyning 1,3-
1,6% ni tashkil etadi. Bu tuproqlar Sirdaryoning I va II terrasalarida
shakllangani bois, sho‘rlanishga uchragan. Chirchiq va Angren daryolarining
bir xildagi terrasalarida tuproqlar sho‘rlanmagan. Sug‘oriladigan o‘tloqi-botqoq
tuproqlar: tuproqlar III qayir usti terrasasi pastliklarida va I-II qayir usti
terrasalarida uchraydi. Mexanik tarkibiga ko‘ra og‘ir va o‘rta qumoqli, gumus
miqdori 1,12-1,61%, harakatchan 12,8-37,0 mg/kg, almashinuvchi kaliy 260-
510 mg/kg atrofida.
Turli yotqiziqlarda shakllangan lalmi tipik bo‘z tuproqlar bo‘z tuproqlar
mintaqasida tarqalgan bo‘lib, lalmi tipik bo‘z tuproqlar tog‘ oldi qiya
tekisliklarining, qir-adirlarning, past tog‘larning ancha baland qismini egallaydi.
Lalmi tipik bo‘z tuproqlar turli darajada eroziyaga uchragan.
125