Page 137 - Raimbayeva G., Mirhayarova G. O'zbekiston tuproqlari va ularning evolyutsiyasi. elektron darslik
P. 137
ANDIJON VILOYATI TUPROQLARINING TAVSIFI.
Andijon viloyatida tabiiy iqlim sharoitiga ko‘ra turli tuproqlar tarqalgan
bo‘lib, hozirda ulardan dehqonchilikda samarali foydalanib kelmoqda.
Viloyatda tarqalgan asosiy sug‘oriladigan tuproqlar tavsifini quyida keltirib
o‘tamiz.
Andijon viloyatida tarqalgan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarning
mexanik tarkibi: o‘rta va engil qumoqli, toshli, yirik qumli, ayrim hollarda 0,5-
1 metrli tuproq qatlamlarida shag‘allar uchraydi. Qadimdan sug‘oriladigan
tuproqlarning haydalma qatlamida gumusning o‘rtacha miqdori 1,1-1,8%,
yangidan sug‘oriladigan tuproqlarda birmuncha kam – 0,7-0,9% ni tashkil etadi.
Azot miqdori 0,06-0,11%, yalpi fosfor va kaliy mutanosib ravishda 0,07-0,11%
va 0,53-0,60% ni tashkil etadi.
Andijon viloyatida tarqalgan sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlar
sug‘orish davriga ko‘ra qadimdan va yangidan sug‘oriladigan guruhlarga
bo‘linadi. Mexanik tarkibiga ko‘ra o‘rta qumoqli hisoblanadi. Qadimdan
sug‘oriladigan tuproqlarda gumus miqdori 0,8-1,2, yangidan
sug‘oriladiganlarida -0,5-0,8% ni tashkil etadi. Azot miqdori 0,05-0,10
oralig‘ida o‘zgarib turadi. Yalpi fosfor 0,25-0,30, kaliy esa 1,30-1,50% ni
tashkil etadi. Sug‘oriladigan o‘tloqi-bo‘z tuproqlar va bo‘z-o‘tloqi tuproqlar
mexanik tarkibiga ko‘ra og‘ir va o‘rta qumoqli bo‘lib, ayrim hollarda engil
qumoqli qatlamlar uchraydi. Tuproqlarning haydalma qatlamida gumus 0,5-1,1,
azot 0,04-0,09, umumiy fosfor 0,13-0,27, kaliy 0,88-1,70% ni tashkil etadi. Bu
tuproqlar asosan, sho‘rlanmagan, biroq quyi qatlamlari kuchsiz sho‘rlangan.
Sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlar viloyat hududida boshqa sug‘oriladigan
tuproqlarga nisbatan eng ko‘p tarqalgan tuproqlar hisoblanadi. Sug‘oriladigan
o‘tloqi tuproqlarning haydalma qatlamida gumus 0,9-1,95% gacha o‘zgarib
turadi. Azot esa 0,05-0,12 % ni tashkil etadi. Sug‘oriladigan o‘tloqi allyuvial va
soz-allyuvial tuproqlar Qoradaryo, Shahrixonsoy, Oqbo‘ra, Arvansoy va
Markaziy Farg‘ona tekisliklarida tarqalgan bo‘lib, sizot suvlari 1-2 m
chuqurlikda joylashgan. Mexanik tarkibiga ko‘ra tuproqlar, asosan, o‘rta va
engil qumoqlidir. Bu tuproqlarning ustki qatlamida gumus 0,7-1,4, azot 0,05-
0,12, umumiy fosfor 0,09-0,11% oralig‘ida o‘zgarib turadi. Tuproqlar asosan
sho‘rlanmagan, ba’zi joylarda kuchsiz va o‘rtacha sho‘rlangan.
Andijon viloyati tuproq qoplami xaritasi ( masshtabi 1:750000).
137