Page 63 - Raimbayeva G., Mirhayarova G. O'zbekiston tuproqlari va ularning evolyutsiyasi. elektron darslik
P. 63
jigarrang tuproqlardan unchalik katta farq qilmaydi. Bu tuproqlar o‘zining
morfologik belgilari bilan ya’ni to‘q bo‘z yoki qora rangli, donador strukturali,
chimli qatlamining qalinligi 40-45sm gacha bo‘lishi bilan ajralib turadi. Tog‘-
o‘tloqi qora tuproqlar serchirindili-10-12% va yuqori qatlamlarda oziqa
elementlarga boy tuproq hisoblanadi.
2.Tipik tog‘-o‘tloqi tuproqlar tog‘-o‘tloqi qora tuproqlardan chirindi
miqdori bir oz kamroqligi va chirindili hamda akkumulyativ qatlamning
unchalik qalin bo‘lmasligi bilan farq qiladi. Chuqurlashgan sari rangi biroz
ochlashib, toshlilik darajasi ortadi, atmosfera yog‘inlari ko‘pligi hisobiga
karbonatlarni pastki qatlamlarda ortib borishi bilan boshqa tog‘ tuproqlaridan
farq qiladi. Chirindiga boy (yuqori qatlamlarda 9-10%) azot, fosfor va kaliy
kabi oziqa elementlari ko‘p tuproq hisoblanadi. Tog‘-o‘tloqi tuproqlar torfli
chim qatlamining yaxshi ifodalanganligi, qo‘ng‘ir (och qo‘ng‘irdan to‘q
qo‘ng‘irgacha) tusli ammo uncha qalin bo‘lmagan 20-40 sm gumusli
qatlamining mavjudligi bilan izohlanadi.
Gumusli akkumulyativ A, qatlam torflangan, kukunsimon donali yoki
changsimon uvoqli strukturaga ega, ko‘pincha temir oksidlari ta’sirida zang
tusli. Tog‘-o‘tloqi tuproqlarda odatda podzollanish belgilari bo‘lmaydi. Bu
tuproqlar orasida tipik chimli tog‘-o‘tloqi torfli va torf-gleyli tog‘-o‘tloqi
tuproqlari xam uchraydi. Ular tarkibida gumin kislotasiga nisbatan fulvokislota
ko‘proq. Gumusga aylanish jarayonlarining sekin borishi sababli tuproqda
dag‘al va kislotali organik moddalar to‘planadi. Azot miqdori 0,3-1,2% gacha
o‘zgarib turadi.Bu tuproqlar orasida tipik chimli tog‘-o‘tloqi torfli va torf-gleyli
tog‘-o‘tloqi tuproqlar ko‘p.
Baland tog‘ mintaqasining alp tog‘-o‘tloqi va o‘tloqi-dasht
tuproqlari.
Alp mintaqasi dengiz sathidan 3000-3500 metr balandlikda joylashgan
bo‘lib, alp mintaqasining tuproqlari turli tuproq hosil qiluvchi ona jinslar ustida
paydo bo‘ladi. Alp mintaqasining iqlimi sovuq bo‘lganligidan daraxtlar
o‘smaydi u erda o‘t-o‘simliklaridan mushukquyruq, betaga, yovvoyi arpa,
chalov, oq momiq, qoqio‘t, taran, geran, alp lolasi, ayiqtovon va shu kabi
o‘simliklar o‘sadi. Bu o‘tloqlardan asosan o‘t o‘simliklar ko‘p o‘sganligi uchun
yozgi yaylov sifatida foydalaniladi. Bu joylarda dag‘al hali nurash jarayonini
to‘la o‘tmagan otqindi va metomorfik tog‘ jinslarining elyuvial va dellyuvial
yotqiziklari keng tarqalgan. Shu bilan birga hozirgi davr muzliklarining
yotqiziqlari ham uchrab turadi. Tuproq paydo bo‘lish jaryoni bu mintaqada
harorati past hamda vegetatsiya davri qisqa bo‘lgan bir sharoitda o‘tadi, Hudud
mikroflorasi unchalik boy emas, o‘simliklarining bo‘yi pastroq bo‘ladi. Shu
sababdan organik qoldiqlar o‘z vaqtida chirib ulgurmaydi va chala chiriydi,
natijada torfli qatlamlarni hosil qiladi. Bu hududda tarqalgan tuproqlar
chirindiga boy, lekin shunga qaramay, strukturasiz va engil mexanik tarkibli
tuproqlar hisoblanadi.
63