Page 139 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 139
§10.2. GAT texnologiyalari asosida degradatsiyaga uchragan yerlarni aniqlash,
monitoring qilish va elektron xaritalarini yaratish
Hozirgi kunda taraqqiyotning jadallik bilan rivojlanishi va insoniyatning tashqi
muhitga ekologik ta’sirining kuchayishi natijasida yerlarni ekologik sof holatini
saqlab qolish masalasi juda katta ahamiyatga ega. Bu masalalarni yechishda aniq va
ishonchli chora tadbirlarni ishlab chiqish lozim. Ma’lumki, tabiiy resurslardan
oqilona foydalanish va yerlarni degradatsiya jarayonlaridan muhofaza qilish
ekosistemalar barqaror holatining asosi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, tuproq
degradatsiya jarayonlari va ular bilan bog‘liq holda tuproq unumdorligining pasayishi
qishloq xo‘jaligining dolzarb ekologik muammolaridan hisoblanadi.
So‘nggi yillardagi kuzatuv natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston hududining tabiiy
sharoitlari mamlakatimizda tarqalgan tuproqlarda turli xildagi salbiy jarayonlarning
yuzaga kelish xavfiga imkoniyat yaratmoqda. Ma’lumki, hududimizdagi eng ko‘p
tarqalgan tuproq degradatsiyasi jarayonlari bu – eroziya, sho‘rlanish va cho‘llanish
jarayonlaridir. Yer va suv resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish, tuproqlarni va o‘simlik
dunyosini muhofaza qiluvchi talablarga rioya qilmaslik yuqorida sanab o‘tilgan
salbiy oqibatlarni namoyon bo‘lishiga sezilarli darajada sababchi bo‘lmoqda.
Aksariyat hollarda, eroziyadan kam muhofazalangan yerlarga ekinlarning
joylashtirilishi, haydalma yerlarga noto‘g‘ri ishlov berilishi, sho‘rlanishga moyil
yerlarda sug‘orish suvlaridan nooqilona foydalanish, yaylovlarda chorvaning tartibsiz
boqilishi va tuproqni muhofaza qiluvchi o‘simliklarning yo‘q qilinishi bilan
bog‘liqdir. Shu bois, tuproq muhofazasiga oid chora-tadbirlarni rejalashtirishdan
avval shunday tadbirlarga muhtoj maydonlarni aniqlash va baholash lozim. Bu
borada eroziya, sho‘rlanish va cho‘llanishga qarshi chora-tadbirlarni loyihalashtirish
uchun ushbu jarayonlarning havfliligini aniqlab beruvchi omillar aks ettirilgan
landshaft xaritalari, aero va kosmik ma’lumotlarining bo‘lishi juda muhimdir.
Degradatsiyaga havfli yerlarni xaritalash va baholash masalalari ulardan jadal
foydalanishda alohida ahamiyatga egadir. O‘z vaqtida turli hil tuproq muhofazalash
tadbirlarini ishlab chiqish va qo‘llash, degradatsiyaga uchragan tuproqlarning
unumdorligini saqlashga imkon yaratadi.
Bugungi kunga kelib tuproqlarni xaritalashda yangi axborot usullarini jadallik
bilan tadbiq qilinishi kuzatilmoqda. Odatda, bu an’anaviy usullardan farqli o‘laroq
geografik ob’ekt va hodisalarni tahlil qilish va modellashtirish imkoniyatini beruvchi,
an’anaviy ish usullarini ma’lumotlar bazasi bilan bog‘liqliligini ta’minlovchi, yangi
ma’lumotlar va ularning statistik tahlili so‘rovini amalga oshiruvchi geoaxborot
texnologiyalaridan (GAT texnologiya) foydalanish bilan bog‘liqdir. GAT
texnologiyalaridan foydalanish shu singari masalalarni tez va unumli yechish
imkonini beradi (Eshchanov, 2008).
GAT texnologiyalaridan yer monitoringida, degradatsiya jarayonlarini aniqlash
va baholashda, distansion zondlash ma’lumotlarini deshifrlash va landshaft uslubi
yordamida ma’lumotlar bankini yaratishda, xaritalarning elektron versiyalarini
tuzishda, turli darajada eroziyalangan hamda sho‘rlangan tuproqlarning aniq tarqalish
chegaralarini aniqlashda, relefning shakllarini aniqroq o‘rganishda, hududning
139

