Page 25 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 25
10-rasm. Hayvonlarni o‘tlatish jarayonida yerlarning tanazzuli.
Tabiiy yaylovlar va o‘tlovlar turli xil bo‘ladi. Ular oziqlanish joylarining
sharoiti, o‘t o‘simliklarning zichligi va turlari, oziqlanadigan hayvonlarning guruhlari
va turlari, shu maydonlardan chorvachilikda ishlab chiqariladigan mahsulotlar,
fasllar, foydalanish muddati va boshqalar bilan farq qiladi. Masalan Rossiyaning
o‘tloqi maydonlarida 4000 dan ziyod o‘t o‘simliklar turi o‘sadi, ya’ni shu davlat
umumiy florasining 23,3% ini tashkil qiladi. Shulardan eng boy turlar oilasiga -
murakkab gullilar 900 ta tur, boshoqlilarning 350 ta turi, dukkaklilarning 250 ta turi
to‘g‘ri keladi (Petrov, 1995).
Respublikamizning Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotiga
ko‘ra (O‘zRTMQDQ, 2008), O‘zbekistonda yaylov maydonlari 20,8 mln. gektarni
(umumiy maydonning yarmiga teng) egallaydi, shundan 17,4 mln. gektari – cho‘l
mintaqasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zRTMQDQ ma’lumotiga ko‘ra, 15-18 mln. ga yerni cho‘l yaylovlari
qamrab olgan, 3-5 mln. gektari tog‘ etagi yaylovlari va 1 mln. gektardan ziyodroq
yer tog‘ va yuqori tog‘ yaylovlarini tashkil etadi. Yaylovlar qoramol boqish, yem-
xashak ishlab chiqarishga chambarchas bog‘liq hamda aholisi bor va sug‘oriladigan
yer yoki artezian suv quduqlari joylashgan hududlarda tarqalgan.
So‘nggi 15-20 yilda ko‘chma chorvachilikda yaylovlardan me’yorda
foydalanmaslik, eroziya, mollarni yaylovlarda ortiqcha boqish va boshqa
antropogen ta’sirlar natijasida ozuqa hajmining yo‘qolishi – degressiyasi sodir
bo‘ldi. 20,8 mln. ga yaylovlardan 16,4 mln. gektari (78%) degressiyaga uchragan
bo‘lib, undan: 9,3 mln. ga maydondagi yem-xashak ozuqasi 20-30%; 5 mln. ga
maydondagi 30-40%; 2,1 mln. ga yoki 40% dan ortiq maydondagi yem-xashak
ozuqasi degressiyaga uchragan. Yaylovlar degressiyasi asosan Jizzax, Samarqand,
Navoiy, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida
kuzatilmoqda. 70% dan ortiq maydon, shu jumladan, uning uchdan bir qismi kuchli
darajada degressiyaga uchragan. Barcha yerda tog‘ yaylovlaridan haddan tashqari
jadal foydalanish o‘z navbatida o‘simliklar degradatsiyasiga olib kelmoqda va buning
oqibatida jala oqimlari ko‘payishiga va sellar takrorlanishining ortishiga olib keladi.
Shuning uchun, O‘zbekistonda sellarning hosil bo‘lish jarayonlari kuchli rivojlangan.
25

