Page 73 - Saidova M. Tuproqlar degradatsiyasi (Elektron o‘quv qo‘llanma)
P. 73
Iqlimni eroziya jarayonlari rivojiga yana bir ta’siri – bu shamoldir. Shamol
eroziyasini (deflyatsiyaning) vujudga kelishida asosiy omil ─ shamol hisoblanadi.
Eroziya rivoji uning tezligi, yo‘nalishi, yog‘inning miqdori, mavsumiyligi, harorati va
takroriyligiga bog‘liq. Ko‘proq yer yuzasidagi tuproq zarrachalarini chang-to‘zonga
aylantirib havoga ko‘taradi va eroziya- deflyatsiya holatini hosil qiladi.
O‘zbekistonda shamol eroziyasi bo‘yicha ilmiy- tadqiqot ishlari olib borgan
olimlar Q.Mirzajonov, Sh.Nurmatov, M.Hamraev, A.Qayumovlarning
ma’lumotlariga qaraganda, yer yuzasidan 10 sm balandlikda 12-15 m/s tezlik bilan
esgan shamol, deflyatsiya jarayonini boshlab beradi; 10-15 sm balandlikda 12-15 va
16-25 m/sek tezlikda esganda kuchli shamol eroziyasi ro‘y bergani ta’kidlangan.
Bunda tuproq zarrachalari bilan birga o‘simliklar ham uchirilib uzoq-uzoq joylarga,
yo‘llarga, suv havzalariga keltirib tashlangan.
Shunday qilib, iqlim ko‘rsatkichlari eroziya va deflyatsiya jarayonlariga ta’sir
ko‘rsatuvchi eng muhim omillardan hisoblanadi.
Yer yuzasining tuzilishi. O‘zbekiston hududining rel’efi tekislik va adir-tog‘
qismlardan tashkil etgan. Respublikamizning sharqida Tyan-Shan va Oloy
tog‘larining g‘arbiy tarmoqlari, Hisor, Turkiston, Zarafshon, Chotqol, Pskom va
Qurama tog‘ tizmalari joylashgan. Bu tog‘larning o‘rtacha balandligi 1600, 2000-
2500 metr, ayrim cho‘qqilarining balandligi esa 4600 metrdan oshadi. Baland tog‘
qoyalari, ayniqsa ularning cho‘qqilari yoz oylarida ham erib tugamaydigan qorliklar
bilan qoplangan. Bu qorlik va muzliklar daryolarimizning bitmas-tuganmas suv
manbalaridir. Tog‘li yerlarning relefi notekis-pastliklar va balandliklardan iborat. Bu
yerda bir-biriga ketma-ket ulanib ketgan vodiylar, tik balandliklar, nihoyatda tor
daryo va do‘ngliklar bilan bir qatorda juda manzarali yaylovlar, tog‘ tekisliklar ham
bor.
Ma’lumki, respublikamiz yer yuzasining tuzilishi eroziya jarayonlari, ayniqsa
suv eroziyasining rivojlanishiga ma’lum qadar bog‘liqdir. Rel’ef yer betida
issiqlik va namlikning taqsimlanishiga, ob-havo yog‘inlarining xususiyat va
miqdoriga hamda suv oqimiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Uning ta’siri mahalliy eroziya
bazislarining chuqurligi, yonbag‘irlarning tikligi (qiyalik darajasi), uzunligi va
ekspozitsiyasiga ham bog‘liq bo‘ladi.
O‘zbekiston sharoitida eroziya jarayonlarining rivojlanishida, eroziya
manbalarining to‘planishida yonbag‘irlarning shakli katta rol o‘ynaydi. Ular asosan
shakliga ko‘ra: to‘g‘ri qiyalikli yonbag‘ir, qabariq, botiq va zinapoyasimon qiyali
yonbag‘irlarga bo‘linadi. Janubga va sharqqa qaragan qiyalik yonbag‘irlari shimolga
va g‘arbga qaraganlariga nisbatan 18-25 kun oldinroq qor qoplamidan holi bo‘ladi.
Janubiy yonbag‘irlarda qor erishi jadalroq kechadi. Shu sababli boshqa shart-
sharoitlar deyarli bir xil bo‘lgani holda, tog‘li hududlarda janubga qaragan
yonbag‘irlardagi tuproq suv eroziyasidan, shimoldagi yonbag‘rli tuproqqa qaraganda
ko‘proq eroziyalangan. Yonbag‘ir nishabligi va uzunligi oshib borgan sari odatda
oqib tushayotgan yog‘in suvi oqimlarining tezligi kuchayadi, shunga bog‘liq holda
tuproq yuvilishi va oqizib ketilishi ham jadallashadi (Xonazarov, Kumzullaev, 1999).
X.M.Maxsudovning (1989, 1998) ma’lumotlariga ko‘ra, yonbag‘ir qiyalik
darajasi oshgan sari tuproqning yemirilish darajasi ham oshadi. Agar nishabligi 1-3
gradusgacha bo‘lgan yonbag‘irlarda, asosan, yemirilmagan yoki sust eroziyalangan
73

