Page 76 - QODIROVA D. ТУПРОҚ ФИЗИКАСИ elektron darslik
P. 76
strukturalilik holatini unchalik yo‘qotmay, kam yopishqoq bo‘ladi, taqirlar
esa darhol strukturasiz, chet jismlarga yopishuvchan massaga aylanadi.
Shuni eslatish lozimki, tuproqqa ishlov berish sifatini oshirish uchun
tuproqni hamma vaqt yopishqoqligi past darajada bo‘lgan sharoitda
haydash, kultivatsiya qilish va boshqa agrotexnik tadbirlarni amalga
oshirish kerak.
Tuproqning yana muhim fizik-mexanik xossalaridan biri – uning
bo‘kishi va cho‘kishidir. Tuproq namlanganda hajmining kengayishiga
bo‘kishi, tuproq namligi kamaygan sari hajmining kichrayishiga
tuproqning cho‘kishi deyiladi.
Bo‘kish va cho‘kish - tuproqning mexanik va mineralogik tarkibi,
kolloidlar sifatiga va singdirilgan kationlar tarkibiga bog‘liq bo‘lib, bu
xossalar, ayniqsa, singdirish kompleksida ko‘p miqdorda natriy elementini
saqlagan tuproqlarda juda yaxshi ifodalanadi. Strukturali tuproqlarda bu
hodisa sezilarli darajada ifodalanmaydi.
Bo‘kish va keyinchalik cho‘kish natijasida tuproqda ko‘plab yoriqlar
hosil bo‘ladi va tuproqdagi namning tez bug‘lanishiga hamda o‘simliklar
ildizini uzilib ketishiga sabab bo‘ladi.
Tuproq zarrachalarini ajratib yuborishga ta’sir etadigan tashqi
kuchlarga qarshi tura olish qobiliyatiga - ilashimlik deyiladi.
Tuproq ilashimligi – uning mexanik va mineralogik tarkibi, struktura
holati, namlik darajasi, chirindi miqdori va qishloq xo‘jaligida
foydalanilishiga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Ilashimlik - kg/sm² bilan
ifodalanadi. Qum tuproqlar – eng kam ilashimlik, soz tuproqlar esa – eng
yuqori (maksimal) ilashimlik xususiyatiga ega bo‘ladi.
Tabiiy holdagi tuproqlarning turli bosimdagi kuch ta’sirida siqilish
va bo‘linib ketishiga qarshi tura olish qobiliyati – tuproqning qattiqligi
deyiladi. Tuproqning qattiqligi erni ishlash uchun sarf bo‘ladigan kuch
bilan aniqlanadi va kg/sm² bilan ifodalanadi.
Tuproq qattiqligi o‘simlik ildizining o‘sishi va rivojlanishida muhim
ahamiyatga ega. Tuproqning qattiqlik darajasi – uning mexanik tarkibi,
struktura holati va namligiga bog‘liq.
Qattiqlik og‘ir mexanik tarkibli va strukturasiz tuproqlarda juda katta
ko‘rsatkichga ega (masalan, taqirlar). Tuproqning qattiqligi ham
namlikning oshib borishi bilan kamayib boradi. Har qaysi hudud tuprog‘i
o‘zining mexanik tarkibiga, plastikligiga, yopishqoqlik, qattiqlik kabi
fizik-mexanik xossalarga ega. SHuning uchun ham tuproqlarning mexanik
tarkibi hamda boshqa xususiyatlari asosida har bir hudud tuproqlari uchun
o‘ziga xos agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish zarur.
71