Page 93 - QODIROVA D. ТУПРОҚ ФИЗИКАСИ elektron darslik
P. 93
qaytarilish reaksiyalari natijasida paydo bo‘lishini ko‘rsatadi. Shuning
uchun ham daryo o‘zanlaridagi o‘tloqi tuproqlarning pastki qatlamlari,
ayniqsa sizot suvlariga yaqin turgan qismlari kesakchali, donador
strukturaga ega bo‘ladilar. Bu bo‘lakchalarning vujudga kelishida aerob va
anaerob sharoitda vujudga keluvchi temir elementining oksidlangan va
qaytarilgan birikmalarining roli katta.
Agregat bo‘lakchalarning yiriklashuvida kapillyar (menisk)
kuchlarning, ayniqsa, ularning suvda chidamlilik qobiliyatining oshishida
mikroorganizmlarning roli kattadir. Bu erda yomg‘ir chuvalchanglarining
xizmatini alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Chuvalchanglar tuproq massasini
eng oldin o‘z ichaklarida qayta ishlab, tashqariga g‘ovak, donador va
suvga chidamli qilib chiqaradi. Masalan, Ch.Darvin hisobiga ko‘ra, bir
gektar erdagi tuproq qatlamlarida yashayotgan 70000 chuvalchang (bu
taqribiy son) bir yilda 38 tonnaga yaqin tuproqni o‘z organizmi orqali
o‘tkazib mayda donador holatga aylantiradi. Shuningdek, strukturani
vujudga kelishida chumoli, termit va boshqa hasharotlar, ba’zan er
qazuvchi, kemiruvchi jonivorlar ham ishtirok etadi. Umuman olganda,
biologik yo‘l bilan vujudga kelgan agregatlar qolgan agregatlardan
faqatgina g‘ovakligi, suvga chidamliligi bilan farq qilmasdan, balki
o‘simliklar dunyosi uchun zarur bo‘lgan oziq elementlarining ko‘pligi
bilan tubdan ajralib turadi.
Strukturaning vujudga kelishida va takomillashuvida har xil
tabiatdagi va tarkibdagi chirindining, uning xilma-xil kislotalarining,
tuproqdagi karbonatli birikmalarning roli sezilarlidir. Masalan, qora tuproq
zonasida donador kesakchali yuqori sifatli bo‘lakchalarning vujudga
kelishida chirindining, ayniqsa, gumin ikkinchi, uchinchi va yuqori tartibli
mikroagregatlar kislotasining roli katta. Bo‘z tuproqlarda, agarda ular
karbonatlashgan lyossli va lyossimon yotqiziqlar ustida vujudga kelgan
bo‘lsa, agregat bo‘lakchalarning takomillashishida karbonatli
birikmalarning roli kattadir. Biz tuproq strukturasining vujudga kelishida
o‘simlik dunyosi rolini yoritmadik, chunki bu masala quyida alohida
ko‘rib chiqiladi.
Endi strukturaning tuproqda ketadigan jarayonlarga ta’siri to‘g‘risida
qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Tuproqning agregatlik holati uning g‘ovakligini ta’minlovchi
ko‘rsatkichdir, chunki chang-to‘zondan tashkil topgan tuproq qatlamida
umumiy g‘ovaklik juda past ko‘rsatkichga ega bo‘ladi, ayniqsa erkin
88